“Transport toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishiga qanday zarurat bor?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bir qator yangi qonun loyihalari birinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun tayyorlanmoqda. Ushbu hujjatlar muhokamasida, eng avvalo, ularning xalqimiz hayotiga nechogʻli zarurati, ahamiyatli jihatlariga eʼtibor qaratilyapti. “Transport toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ana shulardan biri.
Mazkur hujjat qabul qilinishiga qanday zarurat bor? Uning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
Bugungi kunda transport faoliyatini tartibga soluvchi alohida qonun hujjatlari mavjud boʻlib, bulardan “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”gi, “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi qonunlar, Havo kodeksi va boshqa koʻplab qonun hujjatlarini keltirish mumkin. Biroq, barcha turdagi transportlarning optimal, muvozanatlashgan va uygʻunlashgan oʻzaro aloqasini taʼminlaydigan, ularni samarali logistika, aralash yoʻnalishlar sonini kengaytirish orqali yagona transport tarmogʻiga integratsiya qilish yoʻllarini aniqlaydigan yagona qonun yoʻq.
Transport turlari – aviatsiya, temir yoʻl, avtomobil, suv transporti bir-biridan alohida, oʻz sohasiga oid maqsadlarga intilib rivojlangan. Aslida, transport yoʻllarida mazkur transport turlari oʻrtasida oʻzaro muvofiqlashtirish mavjud emas.
Koʻrib chiqilayotgan “Transport toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi va tarmoq qonun hujjatlari teng yuridik kuchga ega. Sanab oʻtilgan barcha qonun hujjatlari (rejalashtirilgani ham, amaldagilari ham) bir-biriga zid boʻlmagan, bir vaqtning oʻzida ishlaydigan, bir-birini toʻldiradigan va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan normalarni belgilaydi.
– Ushbu qonun loyihasining maqsadi – avtomobil, havo, suv, temir yoʻl, shahar yoʻlovchi transporti faoliyati va hamkorligining huquqiy, iqtisodiy hamda tashkiliy asoslarini belgilashdan iborat, – deydi parlament quyi palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi raisi Vahobjon Muratqobilov. – Bilasizmi, biz qonun loyihasini qoʻlimizga olishimiz bilan nimalarga eʼtibor qaratdik. Uni ishlab chiqish paytida, idoralararo ishchi guruhi tomonidan barcha tarmoq qonun hujjatlarini yagona qonunga birlashtirish masalasi koʻrib chiqilgani diqqat markazimizda boʻldi. Masalan, AQSHda katta hajmli Model transport kodeksi bor. Bunday birlashtirish maqsadga muvofiq emas, degan qapop qabul qilingan. Bu qanchalik toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini, albatta, uni yana-da muhokama qilish chogʻida koʻrishimiz mumkin.
Mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishda tashish shartnomasini tuzish, yoʻl haqi, tashish shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha javobgarlik va boshqalar asosida amalga oshiriladigan tijorat transport faoliyatini nazarda tutuvchi Fuqarolik kodeksining yoʻlovchi, bagaj va yuk tashishga oid bobi asos qilib olingan.
Mamlakat transport kompleksi rivoji uchun tranzit siyosati birinchi darajadagi muhim omillardan sanaladi. Taklif etilayotgan qonun loyihasining yana bir muhim jihati, xalqaro transport koridorlarini rivojlantirishda yigʻilib qolgan jiddiy muammolarni hal qilish uchun moʻljallanganidir.
Qonun loyihasida transport faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va boshqarish, Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, ushbu sohada davlat nazorati, transport faoliyatini litsenziyalash, transport vositalarini sertifikatlash va transport tariflari aks etgan. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasiga bir qator vakolatlar berish koʻzda tutilmoqda. Albatta, bularning barchasi qonun loyihasi muhokamasi davomida mufassal koʻrib chiqiladi.
Ushbu hujjatning qabul qilinishi natijasida bir qator imkoniyatlar paydo boʻladi. Chunonchi, amaldagi qonun hujjatlari normalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining transport sohasidagi hujjatlaridan kelib chiqadigan talablarga muvofiqlashtiriladi, qonunchilikdagi mavjud kamchiliklar bartaraf etiladi.
Transport faoliyati, shu jumladan, aralash tashishlarni amalga oshirishda transport tashkilotlari va ular xizmatlaridan foydalanuvchilar oʻzaro hamkorligining huquqiy asoslari yaratiladi. Eng muhimi, milliy transport tizimining xalqaro transport-logistika tizimiga integratsiyalash jarayonlarini chuqurlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA