Yangi uylar Andijonning zamonaviy qiyofasiga mos boʻlishi kerak

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanidagi koʻp qavatli uylar qurilishini borib koʻrdi.

Andijon viloyati aholisi mamlakatimiz nufusining 10 foizini, hududi esa 1 foizini tashkil etadi. Shu bois shahar yaqinidagi adir joylarda koʻp qavatli uylar qurish, shu orqali aholining tobora oʻsib borayotgan talabini qondirish choralari koʻrilmoqda.

Xoʻjaobod tumanining Ittifoq massivida 35 ta uy qurilmoqda. Ular Andijon shahri, Andijon, Xoʻjaobod, Buloqboshi va Jalaquduq tumanlaridagi uy-joyga muhtoj oilalarga berilishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, bu yerda maktab, tikuvchilik sexi, sport kompleksi bunyod etilmoqda.

Davlatimiz rahbari qurilish ishlaridagi kamchiliklarni koʻrsatib oʻtdi. Bunday joylarda uylar bunyod etish mamlakatimizda yangi tajriba ekanini, ularni xalqaro standartlar asosida pishiq, sifatli qurish zarurligini taʼkidladi.

Loyihani takomillashtirish, aholiga qulay transport yoʻnalishlari tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shu bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga safari yakuniga yetdi.

 

O’zA