Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligi katta ko‘tarinkilik bilan bayram qilinmoqda. Mustaqil taraqqiyot yillarida erishilgan barcha yutuqlarimiz, xalqimiz turmushi farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar tub zamirida Bosh qomusimiz tamoyillari mujassamdir.

Bayram munosabati bilan 7-dekabr kuni hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu maqsadlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga tantanali ravishda gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi va keng jamoatchilik vakillari nomidan harbiy orkestr sadolari ostida Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Mustaqilligimizning mustahkam huquqiy asosi – Konstitutsiyamiz, mamlakatimizdagi tinchlik va barqaror taraqqiyot muhiti, hamjihatligimiz qut-barakasi. Bu ulug‘ tushuncha va qadriyatlar hamisha egizak. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida xalqimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashi yo‘lida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotgan shu kunlarda bu jihatlar yanada sayqal topmoqda.

Xalqimiz uchun qadrli va ulug‘ bayramlarda Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga tantanali gul qo‘yish marosimi yaxshi an’anaga aylangan. Zero, Mustaqillik maydoni xalqimiz ozodligining, ajdodlarimiz asrlar davomida orziqib kutgan va muttasil intilib yashagan, bugungi avlodlarga nasib etgan eng ulug‘, eng aziz ne’mat bo‘lmish istiqlolimizning muqaddas ramzidir. Shu bois, bu muazzam maydon majmuasi bizni doimo yuksak marralar sari chorlab turadi.

Konstitutsiyamizning 25 yillik tantanalari mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA