“Mening nafsim balodur, yongan o‘tga soladur”, degan naql bejiz aytilmagan. Surxondaryo viloyati Sho‘rchi qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji o‘quvchisi U.O. ning ko‘ngli ham tekin tovuq go‘shtini tusab qoldi. 

 
Shu maqsadda u tunda Xayrabod mahallasidagi “Do‘mboq-jo‘ja-2” kafesidan qiymati 334 ming so‘mlik olti dona tovuq, to‘rt kilogramm kurka go‘shti, besh dona “koka-kola” ichimligi, besh dona meva sharbati va ikki dona nonni o‘mardi. Tezkor qidiruv ishlari natijasida Sho‘rchi tumanining Do‘stlik mahallasida yashaydigan 18 yoshli U.O ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, ayni paytda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA