"Hosil bayrami" oldidan: Samarqand bog‘laridan xorij bozoriga

O‘zbekiston zamini nafaqat paxta, balki qishloq xo‘jaligining boshqa ekinlaridan ham mo‘l va sifatli hosil olish uchun qulayligini dehqonlarimiz keyingi 26 yilda butun dunyoga namoyish etib kelmoqda. Bir paytlar xalqimiz ehtiyoji uchun zarur donning deyarli barchasi sobiq ittifoqning turli mintaqalaridan keltirilgan bo‘lsa, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq g‘allani to‘liq o‘zimizda yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston ushbu mahsulotni eksport qiladigan davlatlar qatoridan joy oldi. 

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, polizchilik va uzumchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar bugun ham izchil davom ettirilmoqda. Yangi bog‘-rog‘lar barpo etilib, oziq-ovqat ekinlari maydonlari kengaytirilayotir.

1.JPG
Samarqand viloyatidagi 20 ming 400 ga yaqin fermer xo‘jaligining 8 ming 400 dan ortig‘i bog‘dorchilik va uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Ular o‘z tasarrufidagi 40 ming gektar uzumzor, 33 ming 500 gektar mevali bog‘dan har yili mo‘l hosil yetishtirib, xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Shu bilan birga, ushbu maydonlarda yetishtirilayotgan hosilning salmoqli qismi xorijga eksport qilinib, xo‘jaliklar iqtisodi mustahkamlanayotir.

5.JPG

– Qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi xalqimiz turmushi farovonligida, fermer xo‘jaliklarimiz iqtisodi mustahkamlanib, qishloqlarimiz qiyofasi o‘zgarib borayotganida o‘z aksini topmoqda, – deydi Samarqand viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Safarov. – Lekin statistik raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, kechagi kun bilan bugun o‘rtasida qanchalik katta tafovut borligini yaqqol ko‘ramiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1990-yilda viloyatda 526 tonna sabzavot, 99 tonna uzum, 62 tonna meva yetishtirilgan. Yakuniga yetayotgan 2017-yilda esa 1 million 685 ming tonna sabzavot, 585 ming tonna uzum, 438 ming tonna meva yetishtirildi. Va bu mahsulotlarning uchdan bir qismi eksportga yo‘naltirildi.

3.JPG

Bog‘dorchilikda jahonning ilg‘or tajribasi, zamonaviy agrotexnologiyalar hayotga tatbiq etilayotgani hosildorlikning muttasil o‘sib borishida muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, intensiv texnologiya asosida bog‘ yaratish har tomonlama o‘zini oqlab, zamonaviy bog‘dorchilikning asosiy yo‘nalishiga aylandi. Samarqandlik fermerlar mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib ushbu yo‘nalishda faoliyatni yo‘lga qo‘ydi, bu borada boy tajriba to‘pladi. Ayni paytda viloyatdagi 100 dan ortiq fermer xo‘jaligi tomonidan 10 ming 300 gektar maydonda intensiv usulda bog‘ yaratilib, mo‘l hosil olinmoqda. Bu yurtimiz viloyatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Viloyatdagi dastlabki intensiv bog‘lar uchun pakana va yarim pakana daraxt ko‘chatlari, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari valyuta hisobiga xorijdan keltirilar edi. Keyinchalik bu amaliyot ham o‘zlashtirilib, intensiv bog‘larga mo‘ljallangan daraxt ko‘chatlarini viloyatda yetishtirish o‘zlashtirildi. Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasi mutaxassislari olma, shaftoli, o‘rik, qaroli va boshqa mevali daraxtlarning tuproq va iqlim sharoitimizga mos intensiv ko‘chatlarini yaratib, respublika bo‘yicha tarqatishni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, intensiv ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklari va korxonalar faoliyat boshladi. Ayni paytda ular yurtimizning barcha hududlariga turli kasalliklarga chidamli, serhosil ko‘chatlar yetkazib bermoqda. Hatto, yaqin qo‘shni mamlakatlarga ham eksport qilmoqda.

– Keyingi paytda fermer xo‘jaliklari bilan birga, dehqon xo‘jaliklari va aholining ham intensiv daraxt ko‘chatlariga talabi ortmoqda, – deydi akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasi direktori Jamshid Ahmedjonov. – Shu sababli yarim pakana va pakana intensiv daraxt ko‘chatlari yetishtirishni yil sayin ko‘paytirib boryapmiz. Bu yil bahorgi mavsumda 400 ming tupdan ortiq intensiv ko‘chat sotdik. Bugungi kunda dunyo bozorida xaridorgir bo‘lgan yong‘oq, unabi, pista va boshqa qimmatli mevalar yetishtirishni ko‘paytirish borasida yurtimizda olib borilayotgan ishlardan ruhlanib, joriy yildan boshlab yong‘oq va unabining xorijdan keltirilgan urug‘lari asosida ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘ydik. Yaqin yillarda bu borada ham o‘z tajriba maktabimizni yaratamiz.

Darvoqe, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilda viloyatning dasht va tog‘li hududlarida intensiv texnologiya asosida yong‘oqzor va tokzorlar barpo etishga kirishildi. Tegishli dasturga ko‘ra, 2017-2018-yillarda Jomboy, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om, Payariq, Samarqand, Urgut va Qo‘shrabot tumanlarining tog‘oldi hududlarida 5,7 ming gektar yong‘oqzor va 13 ming gektar tokzor tashkil etiladi. Shu yilning o‘zida viloyat bo‘yicha 2 ming 500 gektar yong‘oqzor, 6 ming 600 gektar tokzor yaratildi.

Jumladan, Qo‘shrabot tumanidagi “Oqtepa unumdor zamini” fermer xo‘jaligi tomonidan lalmi maydonda intensiv texnologiya asosida 50 gektar yong‘oqzor barpo etildi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 14 aprel kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida xo‘jaligimizda bo‘lib, Oqtepa qishlog‘i dashtlarida yangi tashkil etilayotgan yong‘oqzorga ilk ko‘chatni qadagan edi, – deydi Qo‘shrabot tumanidagi “Oqtepa unumdor zamini” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Binayev. – Umuman, bahorgi mavsumda dalalarimizda xorijdan keltirilgan 10 ming tup hosildor yong‘oq ko‘chati ekildi va intensiv texnologiya asosida parvarishlanmoqda. Bu ishlarni davom ettirib, kelgusi yilda yong‘oqzorlarni bir necha barobar kengaytirishni rejalashtirganmiz.

Urgut tumani hududidagi tog‘ yon bag‘irlarida ham yong‘oq, bodom, pista, unabi yetishtirish bo‘yicha dasturga ko‘ra, 10 ming gektardan ortiq yer maydoni ajratilgan.

– O‘tgan yili oktabr oyida Prezidentimiz Urgutga tashrifi paytida tumanning lalmi, tog‘oldi yerlaridan samarali foydalanish, intensiv usulda uzumzor va yong‘oqzorlar tashkil etish, katta maydonlarda pista, bodom, unabi ekish yuzasidan topshiriqlar bergan edi, – deydi Urgut tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bekzod Tugalov. – Belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan 1 ming 857 loyiha ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, 2020-yilga qadar tumanda 1 ming 700 gektar yerda yong‘oqzor barpo etiladi. Yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklari bu borada amaliy harakatni boshlab yuborgan.

Tumanda xorijdan keltirilgan yong‘oq ko‘chatlarini mahalliy sharoitda yetishtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, “Temur To‘lagan ko‘chat va nihollari” fermer xo‘jaligida yong‘oqning jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan “Chandler” (“Chandler”) navi ko‘paytirilmoqda.

– Germaniya va Turkiyada yong‘oq ko‘chatlari tayyorlash bo‘yicha tajriba o‘rganib qaytdik, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Odil Boboyev. – Hamkorlarimiz faoliyati bilan tanishib, “Chandler” navli yong‘oqdan olib keldik. Bu nav yong‘oq iqlimimizga mos, oq mag‘iz va eksportbopligi bilan bizga ma’qul bo‘ldi. Hozir 1,2 gektar maydonda 150 ming tup yong‘oq ko‘chati o‘stirayapmiz. Kelgusida ko‘chat maydonlarini yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 1-iyundagi “Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda lalmi yerlardan foydalanish samaradorligini yanada oshirish, zamonaviy yong‘oq plantatsiyalari barpo qilish orqali ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘lgan yong‘oq yetishtirish hajmini ko‘paytirishga qaratilgani bilan soha rivojida muhim qadam bo‘ldi.

Qaror asosida Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi tashkil etilib, uning vazifalari belgilab berildi.

– Bir qator viloyatlar, jumladan, Samarqandda 2 ming 500 gektar tog‘oldi va lalmi yer maydonlarida intensiv yong‘oqzor tashkil etish rejalashtirilgan, – deydi Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi raisi Kamol Abdullayev. – Hozirgacha Jomboy tumanida 500 gektar maydonda sinov tariqasida yong‘oqning xorijdan keltirilgan yangi – “Chandler” navi ekildi. Ko‘chatlarning deyarli 90 foizi ko‘karib, iqlim sharoitimizga moslashtirilmoqda. Kelgusi yilda ham bu ishlar keng ko‘lamda davom ettiriladi.

Yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini sifatli saqlash va eksport hajmini oshirishda zamonaviy sovitish kamerali korxonalar ahamiyati katta. Mazkur yo‘nalishda viloyatda uzoq muddatli dasturlar asosida ish olib borilib, zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan omborlar tashkil etilmoqda. Ayni paytda viloyatda 100 ming tonnaga yaqin mahsulotni saqlash quvvatiga ega 70 sovutkichli omborlar ishlab turibdi. 2017-yilda umumiy miqdori 8 ming 250 tonnalik 11 yangi muzlatkichli ombor tashkil etildi. Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi 100 ga yaqin korxona, 60 dan ortiq qayta ishlash korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Kelgusi yillarda ularning sonini yanada ko‘paytirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Oziq-ovqat xavfsizligi, aholini sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlash masalasi global ahamiyat kasb etayotgan bugungi kunda mamlakatimizda mavjud imkoniyat va resurslardan samarali foydalanib, amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar xalqimizning meva-sabzabot, bog‘dorchilik va poliz mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish hamda ushbu tarmoq orqali davlatimizning eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.

 

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA