Raqs sanʼati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Keyingi yillarda mamlakatimizda qadimiy va boy madaniy merosimiz, milliy oʻzligimiz, betakror qadriyat va anʼanalarimiz, madaniyat va sanʼatimizni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xalqimizning maʼnaviy saviyasi va estetik tarbiyasini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan raqs sanʼatini har tomonlama rivojlantirish, yosh avlodni milliy va jahon raqs sanʼatining namunalaridan keng bahramand etishni zamonning oʻzi talab etmoqda.

Raqs sanʼati sohasida “ustoz-shogird” anʼanalariga asoslangan raqs maktablarini yaratish, xalqaro standartlarga muvofiq yuqori malakali mutaxassislar va kadrlarni tayyorlash, ilmiy salohiyatdan samarali foydalangan holda ilm-fanni jadal rivojlantirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining:

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi negizida davlat oliy taʼlim muassasasi shaklida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimida Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasini (keyingi oʻrinlarda – Akademiya) tashkil etish;

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi tizimidagi Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktabini Akademiya tizimidagi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga aylantirish;

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Buxoro, Qarshi, Namangan va Urganch shaharlarida Akademiya huzurida ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar belgilansin:

a) Akademiyaning asosiy vazifalari etib:

kadrlar tayyorlash jarayoniga sohaning yetuk va malakali mutaxassislarini jalb qilish orqali ilm-fan va taʼlimning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash;

raqs sanʼati boʻyicha yuqori malakali bakalavr va magistrlarni, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;

ilmiy tadqiqotlar natijalari boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish;

talaba-yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahalliy va xalqaro grantlar asosida ularning xorijda taʼlim olishi, ilmiy-ijodiy ishlar olib borishini samarali yoʻlga qoʻyish, hamkorlikdagi konsert dasturlarini tashkil etish;

kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-ijodiy faoliyatni yana-da rivojlantirish, uning samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ushbu yoʻnalishga keng jalb etish;

soha mutaxassislarini xorijiy turdosh oliy taʼlim muassasalarida qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, stajirovka oʻtash tizimini tashkil etish;

talabalarning ilmiy-tadqiqot muassasalari bazalarida hamda xorijiy mamlakatlarning yetakchi tashkilotlarida tizimli ravishda qisqa va uzoq muddatli amaliyotlarni tashkil etish;

b) Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internati va ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatining (keyingi oʻrinlarda – maktab-internatlar) asosiy vazifalari etib:

oʻqitishning zamonaviy va ilgʻor uslublaridan keng foydalanish, oʻquvchilar iqtidorini har tomonlama rivojlantirish;

raqs sanʼatiga iqtidori boʻlgan yoshlarni joylarda saralab olish, ularni kasbga yoʻnaltirish va xoreografiya taʼlimi sohasida uzviylikni taʼminlash;

taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va sanʼat sohasida ilm-fan boʻyicha erishilgan ilgʻor yutuqlarni tatbiq etish;

oʻquvchilarni kelgusida raqs yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasasida oʻqishini davom ettirishi yoki mehnat faoliyati bilan shugʻullanishi uchun ixtisoslik fanlaridan chuqurlashtirilgan va kasbga yoʻnaltirgan holda sifatli oʻqitish;

oʻqitish jarayoniga yetuk va malakali raqs sanʼati mutaxassislarini jalb qilish va ularning samarali mehnat faoliyati olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Akademiya Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

b) maktab-internatlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobraqamiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhr, shtamp va blankaga ega boʻladi;

v) ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlarda taʼlim 1-4-sinflarda, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda 1-11-sinflarda olib boriladi;

g) oʻqishga qabul ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlarga 1-sinfdan, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga 1 va 5-sinflardan amalga oshiriladi.

4. Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internati, ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlari faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Quyidagilar Akademiya va maktab-internatlarning faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib hisoblansin:

a) Akademiyada:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar;

toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;

shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya institutlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) maktab-internatlarda:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya institutlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta tashabbusini Akademiya va maktab-internatlarda amalga oshirish tartibi va chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Talaba va oʻquvchilar bilan muntazam asosda faol muloqot olib borish, ularning talab va ehtiyojlarini tizimli ravishda oʻrganish, talaba-yoshlarning oʻquv va maʼnaviy hayotidagi muammoli masalalarni bartaraf etish boʻyicha aniq choralar koʻrish Akademiya va maktab-internatlar barcha rahbarlarining, professor-oʻqituvchilar tarkibining ustuvor vazifasi etib belgilansin.

7. Toshkent shahar hokimligi Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda Akademiya va maktab-internatlarning professor-oʻqituvchilari, talabalari va oʻquvchilari ijodiy faolligini yana-da oshirish, taʼtil davomida ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish maqsadida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida zamon talablari asosida 50 oʻrinli oromgoh tashkil qilsin va uning binosini 2021-yil 1-iyulga qadar foydalanishga topshirish choralarini koʻrsin.

Oromgohda amalga oshiriladigan qurilish-montaj va jihozlash ishlari boʻyicha:

a) Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi – buyurtmachi etib belgilansin;

b) bosh loyiha va bosh pudratchi tashkilotlar belgilangan tartibda tender (tanlov) savdolari natijasida aniqlansin;

v) moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Toshkent shahar mahalliy byudjetining qoʻshimcha daromadlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Xorazm viloyati hokimiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda 2021-yil 1-avgustga qadar ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlari binolarini toʻliq rekonstruksiya qilish va jihozlash choralarini koʻrsin.

Ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlari binolarini rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarining moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Xorazm viloyati mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha daromadlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

a) ikki oy muddatda:

jahondagi ilgʻor tajribani atroflicha oʻrgangan holda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv jarayonini sifatli tashkil etish;

Akademiyaning ilmiy-pedagog kadrlari tarkibini asosan mamlakatimizdagi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimida faoliyat koʻrsatayotgan, shu jumladan, xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda malakasini oshirib kelgan, yuqori saviyali professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar, shuningdek, sohaning salohiyatli yetuk mutaxassislari – amaliyotchilar orasidan shakllantirish;

respublikadagi mavjud bolalar musiqa va sanʼat maktablari, ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarda raqs sanʼatini oʻqitish faoliyatini yana-da rivojlantirish;

raqs sanʼatining ijodiy, ilmiy-uslubiy va ijro anʼanalarini puxta oʻzlashtirish va munosib davom ettirish, bunda taʼlim muassasalariga mohir raqs ustalarini biriktirish va shu asosda “ustoz-shogird” maktablarini tashkil etish choralarini koʻrsin;

b) 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Akademiya va maktab-internatlarning rahbarlari hamda professor-oʻqituvchilari tarkibi faoliyatining samaradorligini tasdiqlangan maqsadli dasturlar boʻyicha reyting baholash tizimini joriy etsin;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-sentyabrga qadar:

umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari doirasida ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlar uchun moʻljallangan oʻquv rejalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlarning samarali faoliyat koʻrsatishi, ularning har tomonlama toʻliq ishlashi hamda malakali pedagog-kadrlar bilan taʼminlasin;

ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlarni darsliklar, oʻquv-metodik qoʻllanmalar va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida 2021-yil va keyingi yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturida Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internat binosini rekonstruksiya qilish ishlari uchun zarur kapital qoʻyilma mablagʻlarini nazarda tutsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Akademiyaga 50 oʻrinli avtobus xarid qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan mablagʻ ajratilishini;

Akademiya va maktab-internatlarni joriy saqlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni 2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining Madaniyat vazirligiga taqsimlanadigan mablagʻlar doirasida ajratilishini taʼminlasin.

12. Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internat Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Hojib koʻchasi, 31-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

14. Ushbu qaror ijrosining nazorati quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov – ushbu qaror ijrosini oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishini taʼminlasin, belgilangan chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har chorakda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsin;

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A.Nazarbekov – ushbu qaror va chora-tadbirlar dasturini ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar koʻrilishini taʼminlasin, belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin hamda uning ijrosi boʻyicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Xorazm viloyatlari hokimlari (Oʻ.I.Barnoyev, Z.T.Mirzayev, X.X.Bozarov, F.U.Ermanov) – tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatlarida amalga oshiriladigan taʼmirlash ishlarini oʻz vaqtida va sifatli olib borilishini, bino-inshootlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishini taʼminlasin;

masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – ushbu qaror
va chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarish yuzasidan barcha choralarni amalga oshirsin;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev – ushbu qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritsin hamda raqs sanʼatining xalq orasida ommalashuvini nazarda tutuvchi maxsus ilmiy-ommabop va qisqa metrajli koʻrsatuvlarni namoyish etsin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                      Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 4-fevral

O’zA