“O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” unitar korxonasini aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 oktabrdagi PQ–4487-son “O‘zbekiston Respublikasi bank sektorining moliyaviy barqarorligini oshirishga oid birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” unitar korxonasi faoliyatida zamonaviy umume’tirof etilgan korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish maqsadida:

1. Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining unitar korxona shaklidagi “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki”ni (keyingi o‘rinlarda – O‘zmilliybank) “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati shaklida (keyingi o‘rinlarda – “Milliy bank” AJ) qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi davlat nomidan “Milliy bank” AJning ta’sischisi hisoblanadi;

yangi tashkil etilayotgan “Milliy bank” AJ ustav kapitali keyinchalik qonunda belgilangan tartibda oshirilgan holda 1-ilovaga muvofiq hajmda va ulushlarda shakllantiriladi;

“Milliy bank” AJ qayta tashkil etilayotgan O‘zmilliybankning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

3. Quyidagilar “Milliy bank” AJ faoliyatining asosiy vazifalari
va yo‘nalishlari etib belgilansin:

xorijiy kredit liniyalari, xalqaro kapital bozoridagi resurslar, xorijiy investorlar mablag‘larini jalb qilish orqali iqtisodiyotning ustuvor sektorlarida yirik investitsion loyihalarni faol ravishda kreditlash;

xizmat ko‘rsatish sifati va tezkorligini oshirish uchun innovatsion moliyaviy mahsulotlarni joriy etish;

kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga bank xizmatlarini, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat masalalarida moliyaviy maslahatlar berish va axborot ko‘magini ko‘rsatish;

aholiga chakana bank xizmatlari ko‘rsatishni rivojlantirish, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda bank xizmatlarining yangi turlarini joriy etish;

birinchi navbatda milliy valyutadagi uzoq muddatli mablag‘larni safarbar qilish hisobiga bank faoliyatini moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish;

savdo-eksport moliyalashtirish biznesi mahsulotlarini rivojlantirish va uning geografiyasini kengaytirish, shuningdek, respublikaning eksport salohiyatini rivojlantirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, eksport qiluvchilarga konsalting xizmatlarini taqdim etish;

korporativ mijozlarga investitsion banking, jumladan, ichki va tashqi bozorlarda qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatish.

4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

“Milliy bank” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda qayta tashkil etiladigan O‘zmilliybankning qarzdor va kreditorlari majburiyatlari bo‘yicha berilgan davlat kafolatlarini qayta rasmiylashtirsin;

Kuzatuv kengashining asosiy vazifalari va funksiyalarini belgilagan holda uning tarkibini “Milliy bank” AJning aksiyadorlar umumiy yig‘ilishiga tasdiqlash uchun kiritsin.

5. O‘zmilliybank ikki oy muddatda:

a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda, jumladan, quyidagilarni:

O‘zmilliybankni qayta tashkil etishga tayyorlash bo‘yicha komissiyani tuzish;

tegishli topshirish dalolatnomasini tayyorlab, O‘zmilliybank aktivlari va majburiyatlarini ularga nisbatan baholash amalga oshirilmagan holda xatlovdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar amalga oshirilishini;

b) mol-mulkning mavjud hujjatlari, litsenziya va ruxsatnomalarini qayta rasmiylashtirishni;

v) MChJ “NBU INVEST GROUP” investitsiya kompaniyasi negizida moliyaviy bozorlarda, jumladan, bankning daromadi chegarasida xo‘jalik sub’ektlari ustav fondida (100 foizgacha) ishtirok etish orqali investitsion loyihalarni amalga oshirishda ishtirokini kengaytirishni nazarda tutgan holda “NBU INVEST GROUP” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etishni;

g) quyidagilarni:

“Milliy bank” AJning tashkiliy tuzilmasi va Ustavi;

xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJning 2020-2023 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi ishlab chiqilishi va aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida tasdiqlanishini ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki “Milliy bank” AJ Ustavining belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va O‘zmilliybankning:

a) O‘zmilliybankning xo‘jalik jamiyatlari ustav fondidagi aksiyalar va ulushlar shaklidagi ayrim asosiy faoliyat turi bilan bog‘liq bo‘lmagan aktivlarini 2-ilovaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish;

b) O‘zmilliybank va “NBU INVEST GROUP” AJning xo‘jalik jamiyatlari ustav fondidagi aksiyalar va ulushlar shaklidagi boshqa asosiy faoliyat turi bilan bog‘liq bo‘lmagan aktivlarini:

baholash narxini 10 foizga bosqichma-bosqich kamaytirish mexanizmini qo‘llab, biroq ular bozor narxining 50 foizidan pasaytirmagan holda hamda ikki oy davomida o‘tkazilgan savdolar natijasida investorlar tomonidan qiziqish bo‘lmagan taqdirda, ularning nominal qiymatidan pasaytirmagan holda;

sotib olish to‘lovlarini birdan yoki bo‘lib-bo‘lib (aksiyalardan tashqari) 7 yilgacha sotib olish summasining qoldig‘i uchun foiz hisoblamasdan, shuningdek, sotib olish summasi to‘liq to‘lanmagunga qadar ob’ektni tasarrufdan chiqarish va uchinchi shaxslarga (tijorat banki – sotuvchi bundan mustasno) garovga (ipoteka) berish huquqisiz amalga oshirish orqali sotish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

8. O‘zmilliybank Kengashi ilgari zaxiralari yaratilgan hamda so‘ndirish manbalari mavjud bo‘lmagan balansdan tashqari aktivlarni belgilangan tartibda hisobdan chiqarsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi yig‘imlar undirilmasdan “Milliy bank” AJning aksiyalari belgilangan tartibda chiqarilishi va birlamchi chiqarilgan aksiyalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 martdagi
“2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ–2853-son qarorining 9-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik
va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.G‘ulomov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 30 noyabr

 

O‘zA