Yaponiya delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida “Yaponiya – Oʻzbekiston“ doʻstlik uyushmasi raisi, taniqli yapon jurnalisti Nabuxiko Shima boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Yaponiya Oʻzbekistonning muhim strategik hamkori hisoblanadi. Ishonch va oʻzaro hurmatga asoslangan yuqori darajadagi faol siyosiy muloqot ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Hozirgi kunda Yaponiya Oʻzbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kirituvchi eng yirik investorlardan biri hisoblanadi. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiya tashqi savdo tashkilotining (JETRO) mintaqaviy ofislari ishbilarmonlik va jamoatchilik doiralari oʻrtasida aloqalar oʻrnatishga, begʻaraz va texnik yordam koʻrsatishga koʻmaklashmoqda.
Bundan tashqari, 1988-yilda tashkil topgan “Yaponiya – Oʻzbekiston” doʻstlik uyushmasi Yaponiya jamoatchiligi oʻrtasida oʻzbek xalqining tarixi va madaniyatini targʻib etishga koʻmaklashmoqda. Hozirgi kunda Yaponiyaning 270 nafar fuqarosi uning aʼzosi hisoblanadi. Ular oʻrtasida taniqli davlat arboblari, ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmonlik va akademik doiralar vakillari bor. Janob Nabuxiko Shima uyushmaning asoschilaridan biri hisoblanadi. Shuningdek u Yaponiyaning “TV8” telekompaniyasi tomonidan namoyish etilgan Oʻzbekiston haqidagi koʻplab koʻrsatuvlar muallifidir.
– Delegatsiya aʼzolarining koʻpchiligi mamlakatingizga ilk bor kelgan va afsonaviy tarixiy shaharlaringizni koʻrishni orzu qilgan, – deydi Yaponiya delegatsiyasining rahbari. – Koʻrganimizdek, Oʻzbekistonda tub oʻzgarishlar sodir boʻlgan. Bizning avvalgi aloqalarimiz susaygani yoʻq, balki oʻzaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari tufayli ular yanada kengaymoqda.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikning turli yoʻnalishlari boʻyicha aloqalar muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun bor kuch-gʻayratlarini safarbar etishini qayd etdi.
Yaponiya delegatsiyasi tashrif doirasida Nukus, Xiva, Urganch, Samarqand shaharlari va Moʻynoq tumanida boʻldi.

 

Roman BONDARCHUK, OʻzA