Mazkur oʻyinni xitoylik hakamlar guruhi boshqarib boradi.
Ertaga Oʻzbekiston milliy terma jamoasi katta manzil sari ilk qadamini tashlaydi. Ektor Kuper ustozligidagi futbolchilarimiz Jahon chempionati-2022 ikkinchi saralash bosqichini safarda, Falastin milliy terma jamoasiga qarshi oʻyin bilan boshlaydi.
“D” guruhining 1-tur uchrashuvlari doirasidagi mazkur bahsda terma jamoamiz aʼzolari oq rangdagi libosda harakat qiladi. Bosh jamoamiz darvozaboni esa yashil rangdagi kiyimda maydonga tushadi. Raqiblarimiz – Falastin terma jamoasi esa qizil rangdagi formada toʻp tepadi.
Ushbu oʻyinni boshqarish xitoylik hakamlar guruhiga topshirilgan. Bosh hakam – Fu Ming, qanotlarda – Huo Veiming hamda Vang Detsin. Zaxira hakami vazifasini iordaniyalik Arafa Muhammad bajaradi. Uchrashuv nazoratchi hakami hindistonlik Baskar Purushotaman, komissar esa maldivlik Shahir Ahmed.
Xabaringiz bor, mazkur uchrashuv Al-Ram shahridagi Falastin terma jamoasining uy oʻyinlarini oʻtkazadigan “Faisal Al-Husseini” stadionida tashkil etiladi. Oʻyin Oʻzbekiston vaqti bilan soat 19:00da boshlanadi.
Oybek YUNUSOV, OʻzA