Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Vladimir Putin davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan chin dildan muborakbod etib, farovonlik va muvaffaqiyat tiladi.
Davlat rahbarlari Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar. Keyingi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli ikki tomonlama aloqalar aniq mazmun bilan boyigani taʼkidlandi.
Hukumatlararo institutlar samarali faoliyat yuritmoqda, tovar ayirboshlash hajmi izchil ortmoqda, Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston va Rossiya hududlarining amaliy hamkorligi faollashdi. Taʼlim va madaniy-gumanitar sohalarda almashinuvlar borasidagi hamkorlik misli koʻrilmagan darajaga koʻtarildi.
Muloqot chogʻida davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarga doir va xalqaro ahamiyaga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar hamda boʻlajak tadbirlar rejasini koʻrib chiqdilar.
Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari mamlakatlarimiz xalqlarining ravnaqi yoʻlida, butun Markaziy Osiyo barqarorligi va taraqqiyotini taʼminlash maqsadida keng koʻlamli sheriklikni yanada rivojlantirish borasidagi intilishi qatʼiy ekanini tasdiqladilar.

 

O’zA