Prezident Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida 18-iyul kuni Sirdaryo viloyati Xovos tumaniga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari dastlab Xovos tumani markazida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Bugungi kunda Xovos shaharchasida 27 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu yerda oxirgi ellik yil davomida bironta koʻp qavatli uy qurilmagan. Odamlar eski, tor, zax uylarda yashab kelgan. Infratuzilma inshootlari ham ogʻir ahvolga kelib qolgan, sizot suvlarning yuqoriligi aholi yashash sharoiti yanada yomonlashishiga olib kelgan.
Prezidentimiz joriy yil 19-fevralda viloyatga tashrifi chogʻida tuman markazini qayta qurish, infratuzilmani yaxshilash boʻyicha mutasaddilarga topshiriq bergan edi. Uning ijrosi doirasida 2019-yil 7-mayda Vazirlar Mahkamasining Xovos tumani markazini rivojlantirishga oid qarori qabul qilindi.
Ayni paytda maxsus ajratilgan hududda kompleks qurilish ishlari amalga oshirilib, 30 ta koʻp qavatli uy qurilmoqda. Jami kvartiralar soni 760 tani tashkil etadi. Ularning 600 tasi arzon, 160 tasi tijorat kvartiralaridir.
10 ta tijorat uyining 1-qavatida savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari boʻladi. Shuningdek, 150 ta bir qavatli uylar bunyod etilmoqda. Uylarni joriy yil kuzda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Zamonaviy infratuzilmaga ega yangi turar joylar aholining ijtimoiy sharoitini yaxshilab, hayot sifatini oshiradi.
Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari binolari, Davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, maktab, istirohat bogʻi, xotira maydoni, kinoteatr, kutubxona, masjid, bozor, savdo va maishiy xizmat shoxobchalarida ham qurilish ishlari jadal olib borilmoqda.
Prezident qurilishda ishlatilayotgan materiallarning narxi va sifati bilan qiziqdi. Mahalliylashtirish darajasini oshirib, ularning narxini yanada kamaytirish choralarini koʻrish kerakligini taʼkidladi. Urbanizatsiya nuqtai nazaridan tuman kelajagini bugundan oʻylash, zarur joylarga kommunikatsiya tarmoqlari tortish, aholini ish bilan taʼminlash va boʻshagan yerlardan samarali foydalanish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Endi yangi ish oʻrni yaratishga eʼtibor qaratishimiz kerak. Toki yangi uyga koʻchib oʻtadigan yurtdoshlarimiz doimiy daromad manbaiga ega boʻlsin, dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerda Prezidentimizga Sirdaryo viloyati, xususan, Xovos tumanida ichimlik suvi taʼminoti va oqova tizimini rivojlantirish, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Mirzaobod tumanida bunyod etilayotgan parrandachilik, bogʻdorchilik, sabzavotchilik va poliz ekinlari majmuasi, “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida Xovos shahrida jamoat tartibini saqlash boʻyicha hamkorlikda tashkil etiladigan xizmatlar, joriy yilda tumanda tuziladigan kichik biznes subyektlari haqida maʼlumot berildi.
Xususan, keyingi yillarda 1 ming 164 kilometr suv quvuri yotqizilgani, 57 ta suv tarqatish stansiyasi va boshqa inshootlar qurilgani qayd etildi. Shu va galdagi ishlar natijasida 2020-yil boshida viloyat aholisining ichimlik suvi bilan taʼminlanishi 88 foizdan oshadi. Mirzaobod tumanida bunyod etilayotgan parrandachilik, bogʻdorchilik, sabzavotchilik va poliz ekinlari majmuasida minglab yangi ish oʻrni yaratiladi.
Joylarda jinoyatchilikni kamaytirish, oldini olishda ichki ishlar va prokuratura organlari hamkorlikda ishlab, oldingidek tuman yoki viloyat kesimida emas, balki mahalla kesimida vaziyatni tahlil qilishi kerakligi, Xovos tumanida yirik ishlab chiqarish majmualarining yoʻqligi inobatga olinib, kichik tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirish, mavjud imkoniyat va salohiyatdan samarali foydalanish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari tuman markazidagi aholining turmush sharoiti bilan tanishdi.
Shavkat Mirziyoyev Xovos tumanidagi “Saxovat” fermer xoʻjaligi dalasida boʻlib, gʻoʻza rivojini koʻzdan kechirdi.
“Bek klaster” korxonasiga qarashli mazkur xoʻjalikda joriy mavsumda gʻalladan 455 tonna hosil olinib, 314 million soʻmdan ziyod sof foyda koʻrilgan. Boʻshagan maydonga eksportbop dukkakli ekinlar ekilgan. Hozir 50 gektar maydonda gʻoʻza parvarishlanmoqda.
Fermerlar “Sardoba” suv ombori qurilgani, zararkunandalarga qarshi kurashish uchun Sirdaryo viloyatiga 10 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilgani natijasida eng dolzarb masalalar hal etilib, yuqori hosil yetishtirilayotganini taʼkidladi.
Dalaga chiqishdan maqsad nima oʻzi? Daromad topish! Daromadni esa qoʻshimcha hosil taʼminlaydi. Shuning uchun terimgacha har bir tupga kamida beshtadan koʻsak, gektariga besh sentnerdan paxta qoʻshishga harakat qilish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda viloyat tumanlari va sektorlar rahbarlari, nuroniylar, fermer va tadbirkorlar bilan uchrashuv boʻldi. Unda qishloq xoʻjaligi va kichik biznesni rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz bordi.
Joriy yil fevral oyidagi tashrif davomida ishlab chiqilgan, umumiy qiymati 2,2 milliard dollar boʻlgan 2 yillik hududiy investitsiya dasturini bajarish doirasida birinchi yarim yillikda oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobar koʻp kapital qoʻyilmalar oʻzlashtirilgan.
Yangiyer shahrida qiymati 600 million dollar boʻlgan, yiliga 400 ming tonna ammiak va 660 ming tonna karbamid ishlab chiqaradigan kimyo zavodi mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim oʻrin tutuvchi majmua boʻlishi qayd etildi.
Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi energobloklarini modernizatsiya qilish, 2020-2023 yillarda mazkur stansiya yonida har biri 1 ming 300 mega-vatt quvvatga ega boʻlgan 2 ta yangi issiqlik elektr stanitsiyasini qurish, “Farhod” gidro elektr stansiyasini modernizatsiya qilish va “Sardoba” suv omborida kichik GES qurishning ahamiyati taʼkidlandi.
Ushbu elektr stansiyalaridagi ishlar yakunlanganidan keyin viloyatdagi mavjud quvvatlar 2 ming 774 mega-vattga, elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 23,5 milliard kilovatt soatga oshadi. Eng muhimi, yiliga 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz, qariyb 500 million dollar mablagʻ tejaladi.
Sirdaryo viloyatida bu yilgi paxta hosili uchun 73 ming gektar maydonga chigit qadalgan. Bahor seryogʻin kelgani oqibatida ayrim maydonlar buzilib, qayta urugʻ ekilgan.
Viloyat va soha mutasaddilariga qoloq maydonlarning har bir konturida nazoratni yoʻlga qoʻyib, biostimulyatorlar bilan ishlov berish, barcha agrotexnik tadbirlarni tizimli tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Paxtaning xarid narxi oʻtgan yilgiga nisbatan qariyb 1,3 barobarga koʻpaytirilgani fermerlarning manfaatdorligini oshirgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari yirik sanoat korxonalari boʻlmagan viloyatda yalpi hududiy mahsulotni oʻstirish, aholini ish bilan taʼminlashning asosiy manbai kichik biznes boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Viloyatda jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha yangi tizim ishga tushgan. Unga asosan, Guliston shahrida 4, Sirdaryo tumanida 2 ichki ishlar boʻlimi ochilib, ular tarkibida, shuningdek, qolgan tumanlar ichki ishlar boʻlimlarida xotin-qizlar boʻyicha inspektorlar lavozimi joriy etilgan. Natijada viloyatda jinoyatchilik soni oʻtgan yillarga nisbatan 38 foizga kamaydi.
Ikki yil avval Sirdaryo viloyati tibbiyot yoʻnalishida qoloq hududlardan edi. Prezident topshirigʻi bilan bir yil ichida viloyat kardiologiya, narkologiya dispanserlari, Guliston, Mirzaobod tumanlarida, Shirin shahrida shifoxonalar foydalanishga topshirildi. Umuman, 33 tibbiyot obyekti uchun 47 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. 2019-yilning oʻzida viloyat endokrinologiya va teri-tanosil kasalliklari dispanserlari, Guliston shahar tugʻruq majmui qurib bitkazildi. Sirdaryo, Xovos tumanlari yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Boyovut tuman shifoxonasi va koʻp tarmoqli poliklinikasi, Guliston shahar koʻp tarmoqli poliklinikasi foydalanishga topshirildi.
Viloyatdagi tibbiyot muassasalari 2018-yilda 1 million dollarlik tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan boʻlsa, 2019-yilda shu maqsad uchun 4 million dollar mablagʻ ajratildi.
Dastlab Boyovut tumani va Guliston shahrida namuna tariqasida tashkil etilgan tibbiy xizmat koʻrsatish tizimidan endilikda viloyat miqyosida foydalanilmoqda. Barcha tibbiyot muassasalari internet tarmogʻiga ulanib, elektron poliklinika, elektron navbat tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda. Viloyatda tibbiy sugʻurta boʻyicha ham ilgʻor tajriba oʻzlashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbari viloyatda jinoyatchilikning, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi salomatligini taʼminlash, taʼlim tizimini takomillashtirish, kichik biznesni rivojlantirish, bunyodkorlik ishlari koʻlamini kengaytirish kabi masalalar boʻyicha zarur topshiriqlar berdi.
Davlatimiz rahbarining viloyatlarga safarlari hamisha ulkan yangilanishlarni boshlab beradi. Ular natijasida xalq farovonligini yuksaltirish, iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniy-maʼrifiy hayotni boyitish, shaharu qishloqlar qiyofasini oʻzgartirishga xizmat qiladigan yirik loyihalar amalga oshiriladi. Havas maskaniga aylanib borayotgan Xovos tumani shu fikrning yana bir yorqin dalili boʻladi.
Ziyodulla JONIBEKOV, Umar ASROROV, OʻzA muxbirlari