Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda va messenjerlarda voyaga yetmaganlarning yo‘qolib qolgani, ko‘chada turli qiyin vaziyatlarga tushgani yoki o‘zi bilmay jinoyat ishtirokchisiga aylangani haqida xabarlar ko‘p tarqalmoqda.
Bolalar esini tanib, gapga tushunadigan yoshga yetishi bilan ularga xavfsizlik qoidalarini anglatib borish lozim. Xavfsizlik qoidalari bola u yoki bu sababga ko‘ra yolg‘iz qolgan sharoitda uni himoya qiluvchi va xavflardan asrovchi xatti-harakatlar majmuidan iborat.
Yuqoridagilarni nazarda tutib, Adliya vazirligi bolalar va ota-onalarga mo‘ljallagan “Bolalar uchun xavfsizlik qoidalari” nomli amaliy qo‘llanma ishlab chiqdi.
Bolalarning uyda, ko‘chada, maktabda, jamoat joylarida, transportda va yo‘lning harakatlanuvchi qismida xavfsizligini ta’minlash, ularning jinoyatchilikka aralashib qolishi yoki jinoyat qurboniga aylanishining oldini olish maqsadida tayyorlangan ushbu qo‘llanmada ma’lumotlar avvalo amaliy ahamiyati yuqori va bolalar uchun tushunarli bo‘lishi nazarda tutilgan holda taqdim etilgan.
Shuningdek, ota-onalar uchun ham o‘z farzandlariga xavfsizlik borasida nimalarni uqdirishlari lozimligi va nimalar qilishlari shartligi haqida qator eslatmalar berilgan.
Qo‘llanmaning bolalar uchun qiziqarli bo‘lishi e’tiborga olingan holda rangli, suratli, infografikalarga boy tarzda tayyorlandi.
Adliya vazirligi ushbu qo‘llanma orqali bir tomondan bolalarning xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashish, boshqa tomondan esa yosh avlodda qoidalarga bo‘ysunish va qonunga itoatkorlik ruhini tarbiyalashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
O‘zA