Toshkentda 21-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning oʻn sakkizinchi majlisi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda ilk bor ikki mamlakat hukumatlari rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlarining tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, energetika va qishloq xoʻjaligi kabi sohalar boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin oʻrtasida tor doirada uchrashuv boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng ikki mamlakat hukumatlari vakillari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara boshlandi.
Majlisda Oʻzbekiston – Qozogʻiston munosabatlari koʻplab sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy yoʻnalishda jadal surʼatlarda rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.
Keyingi yillarda iqtisodiyotning yetakchi soha va tarmoqlarida jadallashgan aloqalar tufayli oʻzaro savdo hajmi 2018-yilda qariyb 50 foiz oʻsib, 3 milliard dollardan oshdi. Ikki davlat rahbarlari tomonidan 2020-yilda savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish va oʻzaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Buning uchun mamlakatlarimizda yetarli salohiyat mavjud.
Oʻtgan yili Chimkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Qozogʻiston birinchi hududlararo forumida qiymati 320 million AQSH dollaridan ziyod miqdordagi shartnomalar imzolangan, hududlar oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha 15 ta kelishuvga erishilgan edi.
Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasida shu yilning toʻrtinchi choragida oʻtadigan ikkinchi hududlararo forum mintaqalar oʻrtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Majlisda hududlararo va chegaraviy hamkorlik, bojxona, energetika, suvdan foydalanish, turizm va yoshlar siyosati kabi sohalar boʻyicha oʻzaro aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ham koʻrib chiqildi. Transport-tranzit, kosmik faoliyat, sogʻliqni saqlash yoʻnalishlarida manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tadbir soʻnggida ikki mamlakat vazirlik va idoralari tomonidan Markaziy Osiyo savdo-iqtisodiy hamkorligi xalqaro markazini tashkil etish, Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasida tezyurar poyezd qatnovini yoʻlga qoʻyish, turizm, yengil sanoat sohalari boʻyicha hamkorlikka doir memorandumlar va boshqa shartnomalar imzolandi.
M.HUSANOVA, OʻzA