Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-may kuni poytaxtimizning Olmazor tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Talabalar shaharchasiga bordi. Bu yerda har yili minglab yosh mutaxassis hayotga yoʻllanma oladi.
Joriy yilda Talabalar shaharchasida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yoʻl va yoʻlaklar taʼmirlanib, yoritish ustunlari, oʻrindiqlar oʻrnatildi, 400 oʻrinli avtoturargoh qurildi. Hududga koʻp yillik va mavsumiy gullar, manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.
Bugungi kunda Talabalar shaharchasida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi binolari, kollej va litseylar, sport majmualari joylashgan. Ikki universitetda qariyb 25 ming talaba tahsil oladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan shaharcha hududining boshlanishida, “Beruniy” metro bekati yonida Beruniy maydoni barpo etildi. Abu Rayhon Beruniyning Texnika universiteti oldidagi haykali shu yerga koʻchirilib, atrofi obodonlashtirildi. Bular oʻziga xos majmua hosil qilib, Talabalar shaharchasi ilmiy salohiyatining yana bir ramzi boʻldi.
Davlatimiz rahbari bu yerda olib borilgan ishlarni koʻzdan kechirdi. Alloma haykalining Talabalar shaharchasi ostonasiga qoʻyilishi mamlakatimizda ilm-fanga qaratilayotgan eʼtibor ramzi boʻlib, bugungi yoshlarda ulugʻ ajdodlar bilan faxrlanish tuygʻusini kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Prezidentimiz 2017-yil 2-dekabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi binosi qurilishi bilan tanishib, mamlakatimizda yetakchi soha va tarmoqlarni rivojlantirish, innovatsion gʻoya va texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish yuzasidan zarur koʻrsatmalar bergan edi. Bugungi kunda bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlik ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatining istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash, xorijning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ixtisoslashgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, texnoparklar va boshqa innovatsion tuzilmalar tashkil etish, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy qilish yuzasidan tizimli chora-tadbirlarni koʻrmoqda.
Vazirlikda iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsion ehtiyojlarini oʻrganish, yoshlar innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash xizmatlari, masofaviy taʼlim kurslari yoʻlga qoʻyiladi. Yangi ishlanma va texnologiyalar namoyishi, startap loyihalar iqtidorli yoshlarda ilmiy-tadqiqot koʻnikmalarini shakllantirishda yordam beradi.
Binoning birinchi qavatida kutubxona, amfiteatr, xoll, koʻrgazmalar zali joylashadi. Yuqori qavatlarda kovorking va startap hududlar, internet laboratoriyalar, anjumanlar zallari boʻladi. Aerokosmik laboratoriya, ustaxona, reklama agentligi ham tashkil etiladi.
Vazirlikni bejiz Talabalar shaharchasiga joylashtirmadik. Bu yerdagi oliy oʻquv yurtlarida minglab iqtidorli yoshlar, tadqiqotchilar, olimlar ilmiy ish bilan mashgʻul. Ularning ilmiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlab, har bir sohada yangilik yaratish kerak. Innovatsion rivojlanish vazirligi bu borada ilmiy markaz, baza boʻlishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Vazirlik bogʻining dizayni ham yangicha asosda ishlab chiqilgan boʻlib, bu yerga kelganlar miniatyurali innovatsiyalar bilan tanishish imkoniga ega boʻladi. Boqqa internet tarmogʻiga ega oʻrindiqlar, quyosh panelli yoritkichlar, havo tozalash ustunlari, mobil uskunalarni quvvatlovchi qurilmalar oʻrnatiladi, bruschatkali yoʻlaklar tunda oʻzini oʻzi yoritadi.
Shu yerda vazirlik va Jarayonlarni avtomatlashtirish milliy assotsiatsiyasi – NAPA tomonidan xorijiy markazlar bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan innovatsion texnopark taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Ushbu texnoparkda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini oʻrganayotgan va bu sohada ishlayotganlar uchun innovatsion gʻoyalarini ilgari surish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida maqbul muhit va infratuzilma yaratiladi.
Yangi texnologiyalar yaratish va transfer qilish uchun vazirlikka koʻmakchi sifatida “NAPA Team” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etilmoqda. Ushbu korxona innovatsion gʻoyalarni pishitib, ularni startap mahsulotga aylantiradi va kelgusida mamlakatimiz iqtisodiyotiga yoʻnaltiradi. Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu faoliyatdan yiliga 1 million dollarlik eksport daromadi koʻrish koʻzda tutilmoqda.
Prezidentimiz innovatsion gʻoyalar oʻz oʻzidan ishlab chiqarishga yetib bormasligini, buning uchun mablagʻ, xaridor topish zarurligini taʼkidladi. Xitoyning “Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlikda tajribadan oʻtgan innovatsiyalarni jalb etish, xorijda ish yuritayotgan salohiyatli tadqiqotchilarni chaqirish va ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur topshiriqlar berdi.
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida Prezidentimiz oliy taʼlim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar, mazkur oliy taʼlim dargohini rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar taqdimoti bilan tanishdi.
Kadrlar tayyorlash sohalari tarkibiy tuzilishi loyihasida yoshlarni oliy oʻquv yurtlariga yanada koʻproq qamrab olish boʻyicha batafsil maʼlumot berildi. 2018-2019 oʻquv yilida mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlariga 96 ming 950 talaba qabul qilingan boʻlsa, 2019-2020 oʻquv yilida 123 ming 170 nafar yigit-qiz oʻqishga jalb etiladi. Bu koʻrsatkichni 2022-2023 oʻquv yilida 180 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
Oliy taʼlimga innovatsiya investitsiyalarini – xorijiy taʼlim-ilm texnologiyalarini jalb etish borasida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2018-yilda yurtimizda Rossiyaning 2, Janubiy Koreyaning 2, Latviyaning 1 oliy taʼlim muassasasi filiallari tashkil etildi. Joriy yilda Hindistonning 2, Rossiyaning 2 va AQSHning 1 oliy taʼlim muassasasi filiali talabalarni qabul qiladi. Ulardagi taʼlim jarayoniga 832 nafar xorijiy mutaxassis jalb etilgan.
Prezidentimizga muhandis-texnik kadrlar tayyorlash, taʼlim mazmunini kompetensiyalar (amaliy koʻnikmalar) asosida tubdan oʻzgartirish, pedagogik taʼlimning yangi modelini joriy etish, oliy taʼlim muassasalari faoliyatini “Universitet – 3.0” konsepsiyasi asosida tashkil etish, AKT va taʼlim texnologiyalari integratsiyasini taʼminlash loyihalari boʻyicha maʼlumot berildi.
Bizga son emas, sifat kerak. Bunga erishish uchun esa xorij tajribasini yaxshilab oʻrganish zarur. Qaysi davlat kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratsa, oʻsha yutadi. Ilmiy asoslangan tajriba asosida kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish eng muhim vazifamizdir, dedi davlatimiz rahbari.
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti ilmiy-pedagogik faoliyati va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid rejalar taqdimoti ham oʻtkazildi. Besh yillik kompleks dastur ishlab chiqib, universitet faoliyatini rivojlantirish va uning xalqaro reytinglarda munosib oʻrin egallashini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi. Universitet huzuridagi litseyni tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirish, yetuk mutaxassislarga ehtiyoj ortib borayotganini inobatga olib, yangi fakultetlar tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Milliy universiteti kutubxonasida oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish, kadrlar tayyorlash va ularni moddiy, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari haqida soʻz bordi.
Mamlakatimizni innovatsion rivojlantirish, 2030-yilga qadar Global innovatsiya indeksida ilgʻor 50 mamlakat qatoridan joy egallash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Buning uchun, eng avvalo, ilm-fan sohasining meʼyoriy-huquqiy asosini mustahkamlash maqsadida “Fan toʻgʻrisida” qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qolaversa, oʻtgan qisqa davr mobaynida ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi.
Natijada innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha qiymati 151 milliard soʻmlik 55 loyihani amalga oshirish uchun qulay zamin yaratildi. Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti tomonidan zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida ishlab chiqilgan oddiy superfosfat hamda mahalliy xomashyodan faollashtirilgan koʻmir olish texnologiyasi shular jumlasidandir. Oʻsimlik moddalari kimyosi institutining “Ferulen” va “Flanorin” preparatlari, Bioorganik kimyo institutida “Rutan” dori vositasi substansiyasi, Yadro fizikasi instituti olimlari tomonidan yaratilgan suvni kimyoviy tozalash uskunasi ham bunga yaqqol misoldir.
Bu ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida 450 ishlanma va 90 ta tarmoq muammolari yechimlarini qamrab olgan “Buyurtmachi-tadqiqotchi-investor” maxsus portali ishga tushirilib, tijorat banklari bilan 19 yangi startap korxona tashkil etilgan.
Bularning barchasi import oʻrnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishga sharoit yaratmoqda. Takror va takror taʼkidlash joiz: yangi fikr va yangi gʻoyaga, innovatsiyaga tayangan davlat har doim yutadi va rivojlanadi. Shuning uchun, birinchidan, import oʻrnini bosadigan va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni koʻpaytirish kerak. Bu – masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni esa ushbu ishlanmalar mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qiziqtirishi va xaridorgir boʻlishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimizning kelasi yildan ilmiy muassasalarni toʻgʻridan-toʻgʻri davlat byudjetidan moliyalashtirishga oʻtkazish taklifi olimlar tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi.
Uchrashuvda arxeologiya sohasini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston arxeologlari tomonidan soʻgʻdiy hukmdorlar qarorgohi xarobalari boʻlgan “Kofir-qalʼa” yodgorligida yogʻoch panno – soʻgʻd sanʼatining noyob namunasi, Fargʻona vodiysidagi Axsikentda X asrda pishiq gʻishtdan tunnel shaklida qurilgan yer osti suv taʼminoti tizimi topilgani yurtimiz tarixi naqadar buyuk ekanidan dalolat berishi eʼtirof etildi. Mutasaddilarga arxeologiyani rivojlantirish boʻyicha alohida davlat dasturini qabul qilish yuzasidan topshiriq berildi.
Termit hasharoti asosan sellyuloza, yaʼni yogʻochni kemirib, aholi turar joylari, madaniy-tarixiy obidalar, strategik ahamiyatga ega obyektlar, bino va inshootlarga jiddiy zarar yetkazadi. Zoologiya institutiga termitlarga qarshi kurashish boʻyicha olib borilayotgan izlanishlarni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berildi.
Izlanuvchan olimlarni ragʻbatlantirish maqsadida ilmiy ishlanma yaratgan tadqiqotchiga doktorlik va uni amaliyotga tatbiq etgan izlanuvchiga tayanch doktorlik ilmiy darajasini beradigan binar (ikkitalik) himoya tizimini joriy qilish, byudjet mablagʻlari hisobidan stajyor-tadqiqotchilar institutini hamda yurtimiz biologik xilma-xilligini oʻrganadigan dala-tajriba stansiyalari tashkil etish tavsiya qilindi.
Keyingi yillarda ilm-fan va taʼlim sohasi xodimlari izchil ragʻbatlantirib kelinmoqda. Ilmiy xodimlarning maoshi oʻtgan yil 1-sentyabrdan oʻrtacha 25, joriy yil 1-yanvardan 20 foiz oshirilgan edi, 1-iyuldan esa yana 25 foiz koʻtariladigan boʻldi.
Prezidentimiz ushbu amaliy choralarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 1-sentyabrdan barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʻullanayotgan, taʼlim va ilm-fan sohasida mehnat qilayotgan fan nomzodlarining maoshiga 30 foiz, fan doktorlari uchun esa 60 foiz ustama haqi belgilashni taklif qildi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etiladigan Yoshlar akademiyasi ham ilm-fan vakillarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ushbu akademiyaga innovatsion fikrlaydigan iqtidorli talabalar va 40 yoshgacha boʻlgan olimlar, tashabbuskor yoshlar aʼzo boʻladi. Akademiyada sunʼiy intellekt, qayta tiklanadigan energiya manbalari, robot texnikasi va mexatronika, farmatsevtika, biotexnologiya, dasturlash, sanoat dizayni, 3D modellashtirish kabi yoʻnalishlarda ilmiy ishlar olib boriladi.
Prezidentimiz va Vazirlar Mahkamasining oliy taʼlim tizimini isloh qilish, kadrlar tayyorlash jarayonini yanada jadallashtirish boʻyicha qarorlari va “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan. Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida oliy taʼlim muassasalarining yirik ishlab chiqarish korxonalari, davlat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari bilan hamkorligi yoʻlga qoʻyildi. Natijada tashkilot va korxonalarning 4 mingdan ortiq malakali amaliyotchi-mutaxassislari oliy oʻquv yurtlarining taʼlim jarayoniga jalb etilgan.
Shuningdek, keyingi 2 yil davomidagi xalqaro hamkorlik natijasida mamlakatimizda yangi oliy taʼlim muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi, 30 dan ortiq oʻquv yurtida xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlanmoqda.
Oliy taʼlim tizimini zamonaviy usullar yordamida samarali boshqarish, sohada moddiy-texnik bazani kuchaytirish, oʻquv-metodik ishlarni takomillashtirish boʻyicha jiddiy choralar koʻrishimiz zarur. Iqtisodiyot tarmoqlarining real ehtiyojidan kelib chiqib, oliy taʼlim tizimini rivojlantirishning strategiyasini belgilash, davlat taʼlim standartlari va malaka talablarini qayta ishlab chiqish, talabalarning malakaviy amaliyotini samarali tashkil etish lozim, dedi Prezident.
Uchrashuvda pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni tabaqalashtirgan holda ragʻbatlantirish tizimini joriy etish haqida ham soʻz yuritildi. Oliy taʼlim vazirligi magistratura talabalarini Fanlar akademiyasining mos yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot institutlarida stajirovka oʻtashini yoʻlga qoʻyish, tabiiy fanlar va muhandislik yoʻnalishlaridagi magistratura talabalarini byudjet hisobidan davlat buyurtmasi asosida tayyorlashni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.
Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan fan olimpiadalari tizimini takomillashtirish, gʻoliblarni munosib taqdirlash va ragʻbatlantirish, xususan, mamlakat miqyosidagi gʻoliblarni tegishli mutaxassisliklar boʻyicha magistraturaga, xalqaro olimpiada gʻoliblarini esa keyinchalik doktoranturaga ham sinovsiz qabul qilish choralarini koʻrish belgilandi. Moliyaviy barqaror oliy oʻquv yurtlarini oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtkazish lozimligi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev olim va pedagoglarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Uchrashuvda akademiklar, oliy oʻquv yurtlari rektorlari va talaba yoshlar soʻzga chiqib, taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
Oʻzbekiston Milliy universiteti matematika fakulteti 4-bosqich talabasi Sardor Bozorboyev yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatdan keng foydalanish zarurligini taʼkidlab, talaba va oʻquvchilar fan olimpiadalari oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilayotgan eʼtibordan mamnun ekanligini bildirdi.
Sardor matematika boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro olimpiadalarda 4 oltin, bittadan kumush va bronza medalini qoʻlga kiritgan.
– Taʼlim tizimiga eʼtibor samarasini yoshlarimiz turli tanlov va xalqaro olimpiadalarda qoʻlga kiritayotgan yutuqlar misolida ham koʻrish mumkin, – dedi S.Bozorboyev. – Biz, yoshlar yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanib, yurtimiz dovrugʻini yanada yuksaltiramiz, ulugʻ allomalarning munosib vorislari ekanimizni isbotlaymiz.
Prezidentimiz Sardor kabi izlanuvchan, zukko, bilimdon yoshlar yurtimiz kelajagi ekanini taʼkidlab, unga avtomashina sovgʻa qildi.
Maʼlumki, davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan Toshkent shahri hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosi, kanal va kollektorlar sohillarida noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish va hududlarni obodonlashtirish yuzasidan “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan.
Prezidentimiz 2018-yil 9-fevral kuni Olmazor tumanida boʻlib, kanallar boʻyini obodonlashtirish, aholining dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.
Bugun bu yerda koʻrkam madaniyat va maʼrifat maskani bunyod boʻldi. “Damashi” kanalining 2,5 kilometr qismi qirgʻoqlari betonlashtirilib, “Soy boʻyi” sayilgohi barpo etildi.
Kanal qirgʻogʻi 7 lotga boʻlinib, ularda tadbirkorlik subyektlari tomonidan ham restoranlar, dam olish maskanlari, kovorking markazi, fitness klubi va boshqa bir qator obyektlar hamda jahonga mashhur Eyfel va Piza minoralari, Minorai kalon, Luvr piramidasi va boshqa shunga oʻxshash obyektlar maketlari barpo etildi.
Davlatimiz rahbari kovorking markazi va undagi tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Bir paytlar bu yerlar qanday tashlandiq joy edi. Hammamiz shunday yashashga oʻrganib qolgan edik. Bir yil ichida qilingan ishlar samarasini koʻrib turibmiz. Obodlik bor joyda qut-baraka boʻladi. Bu yer nafaqat hordiq chiqaradigan joy, balki maʼnaviyat va maʼrifat maskaniga ham aylanadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Obodonlashtirish ishlari boʻyicha buyurtmachi – Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi. Bosh loyihachi – “Prime tower group” MCHJ. Bosh pudratchi sifatida esa “Inter building” MJCH ish olib bordi.
Abdulla Qodiriy va Choʻlpon nomidagi kutubxonalar, Nuroniylar maskani, “Yoshlar mehnat guzari” ham avvalgi tashrifning amaliy natijalaridir.
Kutubxona boy kitob fondi va axborot texnologiyalari bilan taʼminlangan. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi bilan elektron tarzda bogʻlangan.
Nuroniylar maskanida faxriylar oʻz vaqtini mazmunli oʻtkazishi, salomatligini mustahkamlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Davlatimiz rahbari kutubxonalar va Nuroniylar maskanini koʻzdan kechirdi. Mahalliy aholi vakillari, oqsoqollar bilan suhbatlashdi.
Shayxontohur tumanidan oqib oʻtuvchi “Katta Kalkauz” kanalidan suv oladigan “Damashi” Olmazor tumanining Nurafshon koʻchasidan boshlanadi. Uning umumiy uzunligi 7,36 kilometrni tashkil etadi.
Prezidentimizga “Soy boʻyi” sayilgohi va hudud atrofidagi Oltinsoy, Qichqiriq va Taraqqiyot mahallalarida jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash tizimi haqida maʼlumot berildi. Davlatimiz rahbari bu tizimni Toshkent shahrining barcha tumanlarida joriy qilish, jinoyatchilikning oldini olishda ilm va tahlil asosida ishlash zarurligini taʼkidladi.
Kanal va uning atrofidagi hududning ozodaligi hamda sanitariya holati Toshkent shahar va Olmazor tumani hokimliklarining maxsus ishchi guruhi tomonidan muntazam nazorat qilib boriladi. Xususan, “Toza kanal” kampaniyasi tadbirlari boshlanganidan shu kunga qadar qirgʻoqboʻyi hududida 136 noqonuniy qurilmalar aniqlanib, ularning 133 tasi bartaraf etildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining Olmazor tumaniga avvalgi tashrifi shunday xayrli natijalarga olib keldi. Ishonch bilan aytish mumkinki, galdagi tashrif chogʻida belgilangan vazifalar, berilgan topshiriqlar yanada yangi marralarni egallashga yoʻl ochadi.
Matnazar ELMURODOV, Alouddin GʻAFFOROV, Ziyodulla JONIBEKOV, OʻzA