Zararli chiqindilar hajmini kamaytirish uchun qonuniy choralar koʻriladi

Parlament yuqori palata aʼzolari “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini koʻrib chiqdi. 
Qonun “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 14 moddasiga oʻzgartish
va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi 3 moddadan iborat.
Hujjatda bir qator davlat organlarining, shu jumladan, Vazirlar Mahkamasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari belgilangan.
Soʻzga chiqqan senatorlar mazkur qonunning qabul qilinishi atmosferaga tashlanayotgan zararli chiqindilar hajmini kamaytirish va havo musaffoligini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladi. Qolaversa, kiritilgan oʻzgartishlar atrof-muhit, inson hayoti, salomatligi va genofondi xavfsizligini saqlashda zarur huquqiy asos yaratadi.
Shuningdek, mazkur hujjatga korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan ozon qatlamiga salbiy taʼsir koʻrsatishni bartaraf etishga doir normalar kiritildi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

A.Musayev, OʻzA