Dunyoning eng chiroyli va nodir yirik yopiq suv havzalaridan biri boʻlgan Orol dengizi deyarli bir avlod hayoti davomida butunlay yoʻqolib ketish arafasida.
Bu shu yerda yashaydigan aholi turmushi, Orolboʻyi ekotizimlari va biologik xilma-xilligi uchun misli koʻrilmagan falokat va oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan zararga olib keldi.
Oʻtgan yillar davomida Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish uchun 250 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. 2017-2021 yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik Trast fondi tashkil etish tashabbusini BMT qoʻllab-quvvatladi. Natijada mazkur fond 2018 yil 27 noyabrda BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida oʻtkazilgan oliy darajadagi tadbirda rasman ishga tushirilgan edi.
Hozir yurtimizda uzoq muddatli barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun qayta tiklanadigan energetika, energiya samaradorligi va uglerodli moliyalashtirish mexanizmlari sohasida qonunchilik asoslari takomillashtirilmoqda.
Xususan, 2017-2021 yillarda qayta tiklanadigan energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda. Bu yoqilgʻining anʼanaviy turlarini qayta tiklanadigan energiya manbalariga almashtirish, ularning elektr va issiqlik ishlab chiqarishdagi ulushini kamaytirish hisobiga yoqilgʻi balansini diversifikatsiya qilishga imkon beradi.
Bu soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi Toʻrtinchi Milliy Axborotnomasini tayyorlash” loyihasiga bagʻishlangan tadbirda alohida qayd etildi.
Sayyora Shoyeva, OʻzA