Xalqaro moliya institutlari Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ishonch bildirmoqda

Shu kunlarda Xalqaro moliya korporatsiyasining Lotin Amerikasi, Karib havzasi, Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha vitse-prezidenti Jorjina Beyker boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Tashrif doirasida Toshkentda 18 fevral kuni Jahon banki guruhi tomonidan Oʻzbekistonda xususiy sektorni oʻrganish boʻyicha olib borilgan ishlar natijasiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi. Unda mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari, xususiy tarmoqlar vakillari, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Jahon banki ekspertlari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Shuhrat Vafoyev, Xalqaro moliya korporatsiyasining Lotin Amerika, Karib havzasi, Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha vitse-prezidenti Jorjina Beyker va boshqalar soʻzga chiqdi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda keyingi yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Iqtisodiyotni liberallashtirish, unda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirishga qaratilgan saʼy-harakatlar sabab xalqaro hamjamiyatning Oʻzbekiston isteʼmol bozoriga investitsiya kiritish borasidagi ishonchi ortib bormoqda.
Shundan soʻng Oʻzbekistonda xususiy sektorni oʻrganish boʻyicha koʻp tomonlama tahlil xulosalari maʼlum qilindi. Unda xususiy tarmoqning mamlakatimiz iqtisodiyotdagi rolini oshirish orqali eksport salohiyatini yanada oshirish imkoni mavjudligi ijobiy qayd etiladi. Xususan, fuqaro aviatsiyasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kimyo sanoati va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish sohasida ishga solinmagan salohiyatdan unumli foydalanish kelgusida yuqori samaradorlikka erishishga zamin yaratishi taʼkidlanadi.
Oʻzbekistonning tabiiy resurslarga boyligi, jumladan, kimyo sanoatini jadal taraqqiy ettirish uchun asosiy omil hisoblanadi. Shu bois sohaning raqobatbardoshligi va energetik taʼsirchanligini oshirishga qaratilgan modernizatsiya ishlarini izchillik bilan olib borish zarur. Buning natijasida Oʻzbekiston 2022 yilga kelib kimyo mahsulotlarini import qiladigan mamlakatdan eksportyor davlatga aylanishi mumkin. Investitsiya siyosati tufayli ayni turdagi mahsulotlar boʻyicha eksport hajmini 600 million AQSH dollariga yetkazish istiqbollari bor.
Shuningdek, hisobotda raqamli iqtisodiyotga oʻtishni jadallashtirish axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tarmogʻini xalqaro meʼyorlar darajasida rivojlantirishga bogʻliqligi qayd etiladi. Sohada davlat ulushining kamaytirilishi va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilinishi birlamchi vazifa sifatida koʻrsatiladi.
Taqdimot doirasidagi navbatdagi hisob-kitoblar mamlakatimizning qishloq xoʻjaligi sohasiga bagʻishlandi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizning yillik meva-sabzavot eksporti hajmi bir milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Koʻp tomonlama tahlil mualliflarining fikricha, Oʻzbekistonning geografik joylashuvi va qulay iqlim sharoiti eʼtiborga olinganda bu koʻrsatkich yurtimizning ayni tarmoq boʻyicha salohiyatiga mos emas.
Taqdimotda Jorjina Beyker mamlakatimizning ushbu tarmoqlarida xususiy sektor ishtirokini oshirish evaziga Oʻzbekistonning istiqbolda Markaziy Osiyoning investitsiya va savdo markaziga aylanishi mumkinligini qayd etdi.
– Tizimli islohotlar, infratuzilmalarni takomillashtirish, iqtisodiyotda xususiy sektorlar rolini kuchaytirish orqali va bunda mamlakatning Yevropa va Osiyo chorrahasida joylashgani, qulay iqlim sharoitlariga egaligi hisobga olinsa, Oʻzbekiston istiqbolda mintaqaning investitsiya va savdo markaziga aylanishi mumkin, – dedi Jorjina Beyker.
Xalqaro moliya korporatsiyasi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.

 

Malohat Husanova, OʻzA