2019 yil 15 fevral kuni Xavfsizlik boʻyicha Myunxen konferensiyasida ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi mudofaa vaziri Gevin Aleksandr Uilyamson bilan uchrashdi.
Bu haqda TIV rasmiy saytida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya aloqalari holati va kengaytirish istiqbollari, ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar, jumladan, hozirgi xatar va xavfsizlikka tahdidlar bilan kurashish masalalari muhokama qilingan.
G.Uilyamson harbiy sohadagi Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligi darajasini ijobiy baholar ekan, Buyuk Britaniya mudofaa vazirligining ushbu sohada aloqalarni rivojlantirishga qiziqish bildirgan. Shuningdek, Britaniya tomoni Oʻzbekiston mudofaa vazirligi tizimidagi islohotlar jarayoniga, jumladan, Qurolli kuchlarni takomillashtirish va harbiy xizmatchilar malakasini oshirishga yordam koʻrsatishga tayyorligini maʼlum qilgan.
Oʻzaro muloqotda Afgʻonistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratilgan. Buyuk Britaniya mudofaa vaziri rasmiy London 2018 yil mart oyida Afgʻoniston boʻyicha Toshkent konferensiyasi natijalarini qoʻllab-quvvatlanishini taʼkidlagan. Ushbu anjumanda xalqaro hamjamiyatda Afgʻonistonda tinch siyosiy jarayonni boshlashga yordam berish zarurligi toʻgʻrisida umumiy fikrga erishilgan edi.
Bundan tashqari, G.Uilyamson Afgʻoniston boʻyicha Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya maslahatlashuvlarini ikki tomonlama munosabatlarining muhim mexanizmi deb atagan va Buyuk Britaniyaning ushbu yoʻnalishda yanada yaqin hamkorlik qilishga tayyorligini qayd etgan.
Uchrashuvda Oʻzbekistonning Afgʻonistonda ilgari surgan yirik ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilma loyihalari tashabbuslarini Britaniya tomoni qoʻllab-quvvatlashi yuzasidan ham fikr almashilgan.
OʻzA