Davlat soliq qoʻmitasi jamoatchilikning keskin bahs-munozarasiga sabab boʻlgan Nizom loyihasiga izoh berdi

Va loyiha ishlab chiqilishida yoʻl qoʻygan kamchiliklar va masʼuliyatsizligi uchun Davlat soliq qoʻmitasining masʼul boshqarma boshligʻini egallab turgan lavozimidan ozod etdi

Davlat soliq qoʻmitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimining Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga maʼlum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda “Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan soʻzsiz undirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom loyihasi keng jamoatchilik oʻrtasida keskin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.

Hujjat loyihasida qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzi bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda soʻzsiz undirib olinishi nazarda tutilgani eʼtirozlarni keltirib chiqardi.

Mazkur qaror loyihasi boʻyicha keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan eʼtiroz va takliflar oʻrganilganda, loyiha puxta tayyorlanmagani, Davlat soliq qoʻmitasi rahbariyatining takliflari va tavsiyalari inobatga olinmasdan hamda kelishilmasdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirilgani aniqlandi.

Nizom loyihasini ishlab chiqish boʻyicha Davlat soliq qoʻmitasi rahbariyatining dastlabki muhokamasida jismoniy shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida:

– oʻz majburiyatlarini bajarishlarida servis xizmatini koʻrsatish;

– davlat soliq inspeksiyasiga tashrif buyurmasdan soliqlarni toʻlash imkoniyatini yaratish;

– ularning yozma roziligi (kelishuv) asosida plastik kartalaridan har oyda kelishilgan mablagʻlarni soliq toʻlashga yoʻnaltirish nazarda tutilishi belgilangan edi.

Ammo Nizom loyihasida yuqoridagi norma qayd etilmaganligi aniqlanib, loyiha ishlab chiqilishida yoʻl qoʻygan kamchiliklar va masʼuliyatsizligi uchun Davlat soliq qoʻmitasining masʼul boshqarma boshligʻi egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Nizom loyihasi qaytadan koʻrib chiqilmoqda hamda unda jismoniy shaxslarning bank kartalaridan mablagʻlarni undirish faqatgina ularning roziligi asosida amalga oshirilishi belgilanadi.

 

OʻzA