Xorijga chiqish biometrik pasporti va ID-karta qachon beriladi?

Fuqarolarning chet elga chiqishi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti asosida amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, chet elga chiqishda kitob bukleti koʻrinishidagi pasportga ruxsat beradigan hech qanday qoʻshimcha yozuvlar kiritilmaydigan tartibda qoʻllanilishi kutilmoqda.
2011 yilgi namunadagi pasport bilan xorijga chiqish mumkinmi?
2019 yilning 1 yanvaridan Oʻzbekiston Respublikasi bilan viza rejimi oʻrnatilgan davlatlarga chiqishni rejalashtirayotgan mamlakatimiz fuqarolariga xorijga chiqish uchun biometrik pasport beriladi. 2021 yilning 1 yanvarigacha vizasiz rejim oʻrnatilgan mamlakatlarga (Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Moldova, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va Gruziya) 2011 yilgi namunadagi amaldagi biometrik pasport bilan chiqishi mumkin boʻladi.
Yangi tartib boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi chet elga chiqishi uchun “xorijga chiqish uchun biometrik pasporti” bilan hujjatlashtirilgan boʻlishi hamda ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi tomonidan 10 ish kuni davomida tayyorlanishi belgilangan.
Yangi biometrik pasport olish tartibi va ishlatish muddati qancha?
Yangi tartib boʻyicha, fuqaro xorijga chiqish uchun biometrik pasport bilan hujjatlashtirilishi uchun bir nusxadagi ish joyi, oʻqish maskani yoki hududiy oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan muhr bilan tasdiqlangan ariza-anketa topshirishi, unga qoʻshimcha ravishda 3,5 sm. x 4,5 sm. hajmdagi bir dona fotosurat, pasport nusxasi, hududiy Mudofaa ishlari boʻlimi maʼlumotnomasi (agar harbiy xizmatga majbur boʻlsa) hamda eng kam ish haqining taxmin qilinayotgan 150 foiz miqdoridagi davlat boji undirilishi (hozirda ushbu miqdor 304,095 soʻmdan iborat) koʻzda tutilgan boʻlib, chet elga borish uchun ruxsat berish yozuvining yopishtiriladigan stikerini – xorijga chiqish uchun biometrik pasportga yopishtirilmaydi.
Hozirgi kunda, chet elga vaqtinchalik borish uchun ruxsat berish yozuvining yopishtiriladigan stikeri 2 yil muddatga berilayotgan boʻlib, xorijga chiqish uchun biometrik pasport 10 yil muddatga beriladi.
Koʻrinishi qanday boʻladi?
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti toʻq qizil rangda ishlab chiqilishi koʻzda tutilayotgan boʻlib, 48 betdan iborat boʻladi, amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportida esa 36 bet mavjud.
Himoyalash darajasi boʻyicha, – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish uchun biometrik pasportidagi betlarda mamlakatimizning tarixiy obidalari aks ettirilishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, amalga kiritilishi belgilangan xorijga chiqish uchun biometrik pasporti suv belgilari, sakkiz qirrali pentogramma, rangi oʻzgaruvchi boʻyoq, muarli effekt, metallashtirilgan himoyaviy ip, laminatsiyalashtirilgan plenka hamda pasport qobigʻiga joylashtirilgan elektron chipdan iborat.
Xorijga chiqish pasportini qayerdan olish mumkin?
Hozirda, Toshkent shahridagi biometrik maʼlumotlarni “yigʻish punkt”lari 20 ta ustunli qurilmadan tashkil topgan, aholisi nisbatan koʻproq boʻlgan tumanlarda 2 tadan qurilma joylashtirilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun 12 ta qurilma (1 ta qurilma IIBB MvaFRBda) oʻrnatilishi koʻzda tutilmoqda.
Xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish qurilmasining har birida kuniga 180-200 nafar fuqaro qabul qilinishi mumkin boʻlib, shu toifadagi hujjatni olish istagini bildirgan fuqarolar sonidan kelib chiqib, qurilmalar soni koʻpaytirilishi mumkin.
Shu bilan birga, oʻrnatilgan tartib boʻyicha jismoniy sogʻligi tufayli harakati cheklangan fuqarolar, qoʻlda olib yuruvchi “mobil qurilma” yordamida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti bilan hujjatlashtirilayotgan boʻlib, kelgusida shu toifadagi shaxslarga xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish borasida mobil elektron planshet koʻrinishidagi qurilmalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Qachon ID-kartaga oʻtiladi?
Qoʻshimcha tarzda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti uning egasi shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanishi va undan respublika hududida umumfuqarolik hujjati sifatida 2021 yilning 1 yanvar kuniga qadar foydalanilishi belgilangan.
2021 yildan boshlab, mamlakatimizda amaldagi pasport tizimi, tugʻilganlik haqidagi guvohnoma va boshqa shu turdagi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (haydovchilik guvohnomasidan tashqari) oʻrniga identifikatsion kartalarni (ID-karta) kiritish tizimi yaratilishi rejalashtirilgan. Ushbu identifikatsion kartalarda har bir fuqaroning yagona identifikatsion raqami va shaxsiy maʼlumotlari joylashtiriladi.

 

Anora Sodiqova, OʻzA