Endi uy-joyingiz bahosini interaktiv xizmatdan bilib olishingiz mumkin

“Davergeodezkadastr” qoʻmitasi veb-saytida yangi interaktiv xizmat ishga tushirildi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 dekabrdagi “Soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarining, turar joy fondining kadastr qiymatini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, Davergeodezkadastr qoʻmitasi oʻzining rasmiy veb-saytida “Koʻchmas mulk obyektining kadastr qiymatini hisoblash” interaktiv xizmatini ishga tushirdi.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, koʻchmas mulk qiymatini (uy-joylarning bahosi) hisoblashning soddalashtirilgan usulini yaratish va bu orqali fuqarolarga qulaylik yaratish, shaffoflikni taʼminlashdir.
Interaktiv xizmatdan foydalanishda fuqaro viloyat va aholi punktini belgilashi, koʻchmas mulk obyektining turi (koʻp qavatli uy-joy yoki dala hovli), qavatlar sonini tanlashi, uy qurilgan material va sanasini belgilashi, shuningdek, yakunda uyning umumiy maydonini kiritishi talab etiladi. Maʼlumotlar kiritib boʻlingach “Hisoblash” tugmasi bosilgandan keyin koʻchmas mulk qiymati (uy-joylarning bahosi) kelib chiqadi.
Mazkur xizmatdan http://ygk.uz/uz/page/tax-calc manzili orqali foydalanish mumkin.

 

OʻzA