Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi taklifiga binoan mamlakatimizda kelgan Tojikiston Respublikasi adliya vazirining birinchi oʻrinbosari Xoliqzoda Abdumanon Gʻaffor boshchiligidagi delegatsiya 28 noyabr kuni Buxoroda boʻldi.
Mehmonlarning tashrifi Davlat xizmatlari agentligining Buxoro shahar markazidan boshlandi. Markaz koʻplab qulayliklarga ega. Masalan, uning zali boʻylab oʻrnatilgan belgilar, xizmatlarni onlayn tarzida olish imkonini beradigan infokiosklar, u yoki bu davlat xizmatidan foydalanish jarayoni haqida elektron navbat talonini olish yuzasidan malakali mutaxassislar tomonidan keng maʼlumotlar berilishi, monitor orqali elektron navbat roʻyxati namoyish etilishi mijozlarga qulaylik yaratadi.
Bugungi kunda markaz tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolarga jami 100 dan ziyod davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda. Avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish, biometrik pasport olish, bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga joylashtirishga yoʻllanma va avtomobil raqamlarini berish kabilar shular jumlasidandir. Zamonaviy axborot -kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilgani mazkur xizmatlarning sifatli va tezkorligini taʼminlamoqda.
– Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining bevosita rahnamoligida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp tomonlama aloqalar hayotimizning barcha jabhalarini qamrab olmoqda, – deydi Tojikiston Respublikasi adliya vazirining birinchi oʻrinbosari Xoliqzoda Abdumanon Gʻaffor. – Vazirliklarimiz oʻrtasidagi hamkorlik ham mustahkamlanib borayotir. Bu esa islohotlar samarasida erishilgan yutuqlar bilan tanishish, ilgʻor tajribalardan foydalanishda qoʻl kelmoqda. Buxoro shahridagi davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan tanishdik. Bu yerdagi qulayliklar, ishning oqilona tashkil etilgani bizda katta taassurot qoldirdi. Markaz fuqarolar va yuridik shaxslar vakillariga bir tom ostida tegishli xizmatlar koʻrsatishi ular ogʻirini yengil qiladi, vaqtini tejaydi. Bu, oʻrgansa arzigulik tajriba.
Qoʻshni mamlakat delegatsiyasi aʼzolari ulugʻ ajdodimiz, komil inson tarbiyasida muhim ahamiyatga ega naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshbandning Kogon tumanida joylashgan yodgorlik majmuasida boʻlib, pir qabrini ziyorat qildi. Shuningdek, ular Buxoro shahridagi koʻp asrlik tarixga ega meʼmoriy obidalar bilan ham tanishdi.