“Toshkent City” – xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin namoyoni

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni poytaxtimizdagi “Toshkent Sity” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida barpo etilayotgan zamonaviy inshootlar qurilishi bilan tanishdi.

“Sharq darvozasi” deya taʼrif beriladigan Toshkent shahrini yashash uchun qulay megapolisga aylantirish, hududda xizmat koʻrsatish, transport-logistika, biznes infratuzilmalarini rivojlantirish yoʻlida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan “Toshkent Sity” xalqaro ishbilarmonlik markazi ana shunday noyob loyihalardan boʻlib, poytaxtimizning jahondagi eng zamonaviy va koʻrkam shaharlar qatoridan joy olishiga xizmat qiladi.

80 gektardan iborat xalqaro ishbilarmonlik markazida davlatimiz rahbarining avvalgi tashriflari chogʻida berilgan koʻrsatmalar asosida qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Biznes markazlar, mehmonxonalar, kongress-xoll, ofislar, koʻp qavatli turar joylar, restoranlar va boshqa obyektlar yettita lotga ajratilgan holda bunyod etilmoqda.

Prezidentimiz obyekt bilan tanishuvni dunyoning yetakchi brendlaridan boʻlgan besh yulduzli “Hilton” mehmonxonasi qurilishini koʻzdan kechirishdan boshladi.

Yigirma qavatli mazkur mehmonxona eng zamonaviy qulayliklarni oʻzida mujassam etadi. Unda nufuzli anjumanlar oʻtkazish uchun zallar, restoranlar, salonlar, basseynlar quriladi.

Davlatimiz rahbari mehmonxona bitgach, qanday koʻrinishda boʻlishi haqida tasavvur berish uchun namuna sifatida barpo etilgan xona va zallar bilan tanishdi. Xonalar koʻrinishi, dizaynida ranglar uygʻunligiga alohida eʼtibor qaratish, kayfiyatni koʻtaradigan yorqin ranglardan koʻproq foydalanish zarurligini taʼkidladi.

“Hilton” mehmonxonasi yonida ishbilarmonlik markazining eng yirik inshootlaridan biri – kongress-xoll qurilmoqda. Uning umumiy maydoni 33 ming metr kvadratni tashkil qiladi. Oliy martabali mehmonlar ishtirokida xalqaro anjumanlar oʻtkazishga moʻljallangan kongress-xoll eng soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlanadi. Asosiy uchrashuvlar oʻtkaziladigan zalga qariyb toʻrt ming kishi sigʻadi.

Shavkat Mirziyoyev kongress-xollni jahon standartlari asosida sifatli qurish, yirik delegatsiyalarni qabul qilish uchun zarur qulayliklar yaratish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Prezidentimizga 7-lotda amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berildi. Ishbilarmonlik markazining ushbu hududi Yevropa uslubidagi saylgoh, shuningdek, 7 va 9 qavatli binolardan tashkil topadi. Binolarda qahvaxona va restoranlar, savdo majmualari, taniqli brendlarning doʻkonlari, turar joy va mehmonxonalar, ofislar joylashadi.

Davlatimiz rahbari “Gardens Residence” turar joy majmuasini ham borib koʻrdi. Namuna sifatida qurilgan 2 va 4 xonali uylar, tayyor uylarni sotish boʻyicha savdo ofisi – “Dream City”da xaridorlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Sakkiz gektar maydonni egallaydigan ushbu kompleks toʻqqizta koʻp xonadonli uydan iborat boʻladi. Uylarni loyihalashda barcha zamonaviy jihatlar inobatga olingan. Koʻp bolali oilalar farzandlari, ota-onalar va mehmonlarga alohida-alohida xonalar ajratilgan.

Turar joy majmualarini loyihalash va qurishga audit, konsalting va qurilish sohalaridagi mashhur xorijiy kompaniyalar jalb etilgan.

Mana shunday sharoitda yashagan odamlarning dunyoqarashi, hayotga munosabati oʻzgaradi, yangicha madaniyat shakllanadi, dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari “Toshkent Sity” nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyodagi eng ulkan ishbilarmonlik va turar joy maskaniga aylanishi kerakligini taʼkidlab, uni zamonaviy shaharsozlik meʼyorlari asosida qurish, bu yerda barpo etilayotgan turar joy majmualari va biznes ofislar haqida xaridorlarga koʻproq maʼlumot taqdim etish yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

photo5449759774716570091.jpg

photo5449759774716570092.jpg
photo5449759774716570093.jpg

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA