Barqaror rivojlanish maqsadlari Oʻzbekistonda qanday bajarilmoqda?

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga oid konsepsiyasi – kelajak avlod ehtiyojlarini inobatga olgan holda oʻzaro uzviy bogʻlangan ekologik xavfsiz, iqtisodiy taʼminlangan, ijtimoiy muhofazalangan va institutsional birlashgan hayot tarzini shakllantirishni oʻz ichiga olgan gʻoyalar tizimini qamrab olgan.
Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosati bu maqsadlarga toʻliq hamohang boʻlib, aholi uchun qulay shart-sharoit yaratish, odamlar salomatligini muhofazalash, iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda 2030 yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar tasdiqlanib, ularni amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi.
Toshkent shahrida “Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarni amalga oshirish va monitoring qilish: Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon va Gruziyani qoʻllab-quvvatlash” mavzusida tashkil etilgan xalqaro yigʻilish avvalida Oʻzbekiston tajribasi tahlil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlari vazirlik va idoralarining 70 dan ortiq mutaxassisi ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Bosh prokurorining oʻrinbosari Gʻayrat Hidoyatov 2018 yil 20 oktyabrda qabul qilingan 2030 yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi hukumat qaroriga toʻxtalib oʻtdi.
Qaror bilan tasdiqlangan Milliy maqsad va vazifalarda 2030 yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlar va ular doirasida amalga oshiriladigan vazifalar qamrab olingan. Jumladan, amalga oshiriladigan tadbirlar natijasida 2030 yilgacha Oʻzbekistonda oʻta qashshoqlikni tugatish, kam taʼminlangan aholi sonini hozirgiga nisbatan ikki baravarga kamaytirish rejalashtirilgan.
Sogʻlom turmush tarzini taʼminlash, kasalliklar tufayli bevaqt roʻy beradigan oʻlim sonini 30 foizga qisqartirish, 2025 yilgacha yoʻl-transport hodisalari sonini ikki baravarga kamaytirish rejalashtirilgan. Sifatli taʼlimni taʼminlash, oʻqituvchilar sonini koʻpaytirish moʻljallangan.
Ushbu maqsadlar Oʻzbekistonning BMT Bosh Assambleyasining 70-rezolyutsiyasini bajarish tarafdori ekanligini bildiradi.
Yigʻilishda 2030 yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasi kabi Global kun tartibidagi masalani xususan, BMT barqaror rivojlanish konsepsiyasidagi 16-maqsadning – “Tinchlik, odil sudlov va samarali institutlar” va 3-maqsadning “Salomatlik va farovonlik” (3.3, 3.5 va 3.8 koʻrsatkichlar) xususiyatlarini amalga oshirishda yagona yondashuv zarurligi masalalari muhokama qilindi.
BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakili Ashita Mitall belgilangan aniq maqsadlar boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani tufayli dunyoda transmilliy uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, shuningdek, OITS epidemiyasini yoʻq qilish, shu jumladan, giyohvand, psixotrop moddalarga boʻlgan bogʻliqlikni davolash va uning profilaktikasini yaxshilash boʻyicha ish olib borilayotganini taʼkidladi. Bu borada Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekistonda maʼlum yutuqlarga erishilmoqda.
– Oʻzbekiston BMT bilan samarali hamkorlik qilayotgan davlat boʻlib, maqsadlari doim mushtarakdir, – dedi BMTning Oʻzbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Xelena Freyzer. – Oʻzbekiston hukumati tomonidan 2030 yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar tasdiqlangani buning yaqqol tasdigʻidir. Unda qashshoqlikni tugatish, oʻlimni kamaytirish, bilim berishni yanada yaxshilash boʻyicha dolzarb vazifalar hamda ularni amalga oshirish mexanizmi belgilangani BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uygʻun.
Ishtirokchilar barqaror rivojlanish sohasida qilingan ishlar bilan bir qatorda amalga oshirilishi zarur vazifalar boʻyicha fikr almashdi. Ularga erishilgan natijalar monitoringi va hisobotini yuritish boʻyicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, ular ustuvor vazifalarga erishish uchun natijalarni jadallashtirish maqsadida strategiyalar va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun nimalarga eʼtibor qaratish zarurligi boʻyicha ilgʻor tajribalar boʻyicha zarur axborotlarga ega boʻldi.
Eʼtiborli jihati, mazkur tadbirga faol talabalar ham taklif etilib, ular mintaqadagi davlatlar mutaxassislari bilan muloqot qurish, oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berish va fikr almashish imkoniyatiga ega boʻldi.

 

Norgul Abduraimova, OʻzA