Poytaxtda doimiy propiska olishi mumkin boʻlgan tashkilotlar koʻpayishi mumkin

Xodimlari Toshkentda doimiy propiska olishi mumkin boʻlgan tashkilotlar soni yana bittaga koʻpayishi mumkin
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga qoʻshimcha kiritish haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 7 oktyabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxati quyidagi mazmundagi band bilan toʻldiriladi:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi”.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradilar.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori M.M.Karimov zimmasiga yuklatiladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Hukumatning 2018 yil 1 noyabrdagi qarori bilan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat organlari va boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga kiritilgan.
Roʻyxatda shu paytgacha 72ta tashkilot mavjud edi.

 

OʻzA