Byudjet daromadlari oshdi

Moliya vazirligida jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda dastlab, Moliya vaziri oʻrinbosari Dildosh Sultonov davlat byudjeti daromadlarining 2018 yilda kutilayotgan ijrosi 2019 yildagi byudjet parametrlari haqida maʼlumot berdi.
Joriy yil yakuni boʻyicha Davlat byudjeti daromadlari 74,5 trillion soʻm, xarajatlari esa 78,5 trillion soʻmni tashkil etishi kutilmoqda. Tasdiqlangan parametrlar 12,3 trillion soʻm ortigʻi bilan bajariladi. Masalan, Andijon viloyatida 2018 yil yakunlari boʻyicha koʻrsatkich 279,6 milliard soʻmga yetadi. 2017 yilda bu koʻrsatkich 61,2 milliard boʻlgan.
Tuman va shaharlarni koʻradigan boʻlsak, misol uchun Oqqoʻrgʻon tumani ixtiyorida 2017 yil yakunlari boʻyicha atigi 449 million soʻm qoldirilgan. Tasavvur qilinglar, bu mablagʻga 3 ming 200 metr koʻchani asfalt qilsa boʻladi xolos, yoki 4 dona ichimlik suvi nasosini oʻrnatsa boʻladi. 2018 yilda esa bu tuman ixtiyorida 3 mlrd. soʻm qoladi.
Mahalliy soliqlar boʻyicha tushumlarning surʼatlari ham jonlanib qolganligini quyidagi raqamlar koʻrsatadi, yaʼni 2017 yilda tadbirkorlardan undiriladigan qatʼiy belgilangan soliq tushumlari respublika boʻyicha 1 trillion 42,9 mlrd. soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, joriy yilda soliq stavkalari oʻrtacha 30 foizga kamayganligiga qaramasdan, 1trillion 127,6 mlrd. soʻmga yetadi va oʻsish 108,1 foizga teng boʻladi.
Daromadlarini koʻpaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida byudjet xarajatlarining oʻtgan yilga nisbatan 60 foizga yoki
29,2 trillionga soʻmga oshirish imkonini berdi. Buning evaziga “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar kelajagimiz” kabi yirik dasturlarni boshlashimiz uchun zamin yaratildi va ushbu dasturlarga joriy yilda 2 trillion soʻmdan ziyod, arzon uy-joylar qurilishini moliyalashtirishga 3,6 trillion soʻm yoʻnaltirilmoqda.
Yosh tadbirkorlarga imtiyozli kredit berish maqsadida “Mikrokredit” va “Xalq banki” ustav kapitallariga qoʻshimcha 350 milliard, aholini ish bilan taʼminlash tadbirlariga 350 milliard soʻm sarflanmoqda.

 

N.Nasriyev, OʻzA