Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Italiya Savdo-sanoat palatasi qoshidagi FORMAPER agentligi hamda Qozogʻiston savdo-sanoat korxonalari uyushmasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Ayni vaqtda mazkur xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikdagi loyihalar koʻlami kengayib borayotir.
“Qiymat zanjirlarini yaratish, barqaror rivojlanish va eko-innovatsiyalarni takomillashtirish orqali oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish” loyihasi bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirilmoqda.
Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashda qishloq xoʻjaligi korxonalarini samarali qoʻllab-quvvatlash, ularni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida professional mutaxassislar tarmogʻini yaratish va mustahkamlashdan iboratdir.
Shu munocabat bilan 15-19 oktyabr kunlari “Le Grande Plaza” mehmonxonasining konferens zalida “Yashil iqtisodiyot va yashil moliyalashtirish” mavzusida 5 kunlik seminar boʻlib oʻtadi.
Seminar italiyalik dunyoga mashhur trener Sandro Angiolini tomonidan olib boriladi. Unda biznesni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar, agrosanoat va oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmalari, konsalting xizmatlarini koʻrsatayotgan korxonalar va qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati sohasining biznes maslahatchilari ishtirok etishi kutilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida uch yil davomida qator seminarlar, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida yuqorida sanab oʻtilgan maqsadli guruhlar uchun amaliyotlar oʻtkazilishi belgilangan.