Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz“ milliy koʻrgazmalar majmuida “UzMedExpo – 2018“ oʻn birinchi xalqaro ixtisoslashtirilgan tibbiyot koʻrgazmasi ochildi.
“International expo group“ kompaniyasi tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Dori-darmon“ aksiyadorlik kompaniyasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan koʻrgazmada mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Abduhakim Hojiboyev, Slovakiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yan Boriy va boshqalar yurtimizda barcha yoʻnalishlarda, xususan, tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlab, sohaga zamonaviy tibbiy uskunalar va innovatsion texnologiyalarni jalb qilishda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladi.
Koʻrgazmadan maqsad aholiga tibbiyot xizmatlari koʻrsatishni tubdan yaxshilash, sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish samaradorligini oshirish, shuningdek, sohaga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– Mamlakat tibbiyoti rivojida muhim boʻlgan dori-darmon va tibbiy uskunalar namoyishi biz uchun har jihatdan tajriba vazifasini oʻtaydi, – dedi Oʻzbekiston tibbiyot asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasi raisi Otabek Jiyanboyev. – Chunki anʼanaviy tashkil etib kelinayotgan koʻrgazma yaxshi samara bermoqda. Bunday tibbiy uskunalar namoyishi uyushma faoliyatida alohida oʻrin tutadi. Bugungi kunda uyushma tarkibida 15 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi va 12 ta yetkazib beruvchi xorijiy korxona mavjud. Maqsadimiz esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdir. Mazkur korxonalar faqat dori-darmon va tibbiy uskunalarni yetkazib beribgina qolmay, mahalliy vakillar bilan sheriklikda mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqda.
Uch kun davom etadigan koʻrgazmada Hindiston, Qozogʻiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Pokiston, Rossiya, Slovakiya, Turkiya va Shveysariya kabi 50 davlatning nufuzli kompaniyalari zamonaviy ishlanmalari, yangi texnologiyalar, davolash va diagnostikaning ilgʻor usullarini namoyish etmoqda.
Anʼanaviy koʻrgazma sogʻliqni saqlash tizimidagi yangi texnologiyalar namoyishi, ilgʻor tajriba va axborot almashish maydoniga aylangan.