Oʻzbekiston Bosh prokurori Rossiya, Tojikiston va Qozogʻiston bilan hamkorlik dasturlarini imzoladi

Tojikistonning Dushanbe shahrida MDH mamlakatlari bosh prokurorlarining Muvofiqlashtiruvchi kengashining 28-yigʻilishi va SHHTga aʼzo davlatlar bosh prokurorlarining 16-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Bosh prokuror Otabek Murodov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi ham ishtirok etdi. 
Yigʻilishlarda MDH va SHHTga aʼzo davlatlarning bosh prokurorlari va ishtirokchi-davlatlar delegatsiyalari rahbarlari, jumladan Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Oʻzbekiston, Xitoy, Pokiston, Hindiston, shuningdek, muloqot sheriklari va kuzatuvchi mamlakatlardan taklif etilgan mehmonlar sifatida – Afgʻoniston, Mongoliya, Eron, Nepal, Shri-Lanka, Prokurorlar Xalqaro Assotsiatsiyasi prezidenti Gerxard Yarosh va Saudiya Arabistoni Bosh prokurorlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda nutq soʻzlagan Bosh prokuror O.Murodov oʻz chiqishida 2017-2018 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida prokuratura organlarining tizimi tubdan takomillashtirilganini taʼkidladi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohot va oʻzgarishlardagi prokuratura organlarining roli oshirilganligi hamda ular faoliyatida mutlaqo yangi yoʻnalishlar belgilanganligini qayd etdi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga koʻra, yigʻilish davomida transmilliy va uyushgan jinoyatchilikka qarshi hamkorlikda kurashish, terrorizm, ekstremizm, diniy va siyosiy radikalizm xavfi va ekstremistik harakatlarning boshqa halokatli taʼsiri kuchayayotganligi, shuningdek jahon va mintaqaviy xavfsizlikning boshqa muammolari muhokama qilingan. Urushlar bilan qamrab olingan qator mamlakatlardagi siyosiy vaziyatning murakkabligi, siyosiy kelishmovchiliklarning zararli taʼsiri va ushbu mamlakatlardagi tinch fuqarolarning oʻlimi bilan bogʻliq holatlarga tashvish bildirilgan. MDH va SHHTga aʼzo davlatlarning qoʻshma integratsiyalashuvi davlatlar va mintaqalarning xavfsizligini taʼminlashning muhim omili, deb topilgan.
Yigʻilishda Bosh prokuror O.Murodov Oʻzbekiston Respublikasining mazkur yoʻnalishdagi ustuvor vazifasi jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan emas, balki ularning tub sabablari bilan kurashish ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Bosh prokurori Rossiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Belarus, Tojikiston, Afgʻoniston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston delegatsiyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi. Rossiya, Tojikiston va Qozogʻiston bilan hamkorlik dasturlari imzolandi.

 

OʻzA