Yosh hunarmand Sayilgoh koʻchasida rejalari haqida aytdi?

Avval xabar berganimizdek, “Hunarmand” uyushmasi tashabbusi bilan poytaxtimizning Sayilgoh koʻchasida “Oʻzbekiston sovgʻalari” birinchi respublika koʻrgazma-savdosi boʻlib oʻtmoqda.
Unda sovgʻabop hunarmandlik mahsulotlari savdosi ham tashkil etilgan boʻlib, aksariyat mohir hunarmandlar ishlari shahrimiz aholisi va mehmonlarining katta qiziqishiga sabab boʻlmoqda.
Ana shunday oʻz ishining ustasi boʻlgan navoiylik yosh hunarmand Faxriddin Sagdullayev faoliyati haqida gapirib berdi:
– Hunarmandlik bilan besh yildan buyon shugʻullanaman. Ishlarimizda asosan milliylikni aks ettirishga harakat qilamiz. Shu bois mehnatimiz mahsulidan yurtimiz nafasi ufurib turadi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli “Farhod” madaniyat saroyida bolalar ijodiyoti markazi rahbariman. 100 dan ortiq shogirdlarim bor. Ular orasida viloyat, respublika, xalqaro tanlovlar gʻolibi boʻlganlari anchagina. 2017 yil Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining “Yilning eng yosh hunarmandi” tanlovida faxrli birinchi oʻrinni egalladim. Rossiya Federatsiyasida oʻtkazilgan xalqaro tanlovda ham birinchi oʻringa sazovor boʻldim. Bu yil “Tashabbus” respublika tanlovining viloyat bosqichiga yoʻllanma oldim.
“Oʻzbekiston sovgʻalari” birinchi respublika koʻrgazma-savdosi biz kabi hunarmandlar uchun yangi imkoniyatlar va hamkasblarimiz bilan tajriba almashish uchun maydonidir.

 

I.Ahatova, F.Abdurasulov (surat), OʻzA