Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish tartibi oʻzgardi

Suhbatdan oʻta olmagan nomzodlar bir oydan soʻng lavozimga qayta tavsiya etilishi mumkin.
Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritildi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar qilmoqda.
Oʻzgartirishlarga muvofiq, adliya organlari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlangan yuridik xizmat xodimining ushbu tashkilot yuridik xizmatidagi lavozimi oʻzgaradigan boʻlsa, (masalan, yuridik boʻlimga yetakchi mutaxassis sifatida ishga kirib, keyinchalik boʻlim boshligʻi etib tayinlandi) adliya organlaridan qayta rozilik olish talab etilmaydi.
Suhbatdan oʻta olmagan nomzodlar bir oydan soʻng (ilgari uch oy edi) lavozimga qayta tavsiya etilishi mumkinligi belgilandi. Bunda suhbatga uch martagacha kelish mumkin. Uch martada ham suhbatdan oʻta olmasa, uch oydan keyin umumiy asoslarda lavozimga tayinlashga tavsiya etilishi mumkin boʻladi.
Ilgarigi tartibga asosan, yuridik xizmat xodimi lavozimiga tayinlash uchun kelishishga bir shaxsning nomzodi aynan bir lavozimga ikki martadan ortiq koʻrsatilishiga yoʻl qoʻyilmas edi.
Bundan tashqari, xodimning pensiya yoshiga toʻlganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilinganda, yuridik xizmat xodimi shtat birligi tugatilganda yuridik xizmat xodimini lavozimdan ozod etishni adliya organlari bilan kelishish talab etilmaydi.

 

OʻzA