“Uzbekistan Airports” AJ matbuot xizmati o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida 110 ming 184 ta uchish-qo‘nish operatsiyasi amalga oshirilgan. Shuningdek, ko‘plab xalqaro yangi aviakompaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi natijasida “Uzbekistan Airports” AJ aeroportlariga 2024 yil 1 dekardan boshlab “Jidda –Toshkent – Jidda” yo‘nalishida kuniga 1 ta muntazam reys, 14 martdan “Varshava – Toshkent – Varshava” yo‘nalishida haftasiga 4 ta muntazam reys, 2 iyundan “Doha – Toshkent – Doha” yo‘nalishiga haftasiga 4 ta muntazam reys, 23 maydan “Madrid – Toshkent – Madrid” va 30 maydan “Madrid – Urganch – Madrid” yo‘nalishlariga oyiga 2 ta charter reys yo‘lga qo‘yilgan.

4 sentyabrdan boshlab “Madrid – Toshkent – Madrid” yo‘nalishida haftasiga 2 ta reys, 8 sentyabrdan “Madrid – Urganch – Madrid” yo‘nalishida 2 haftada 1 ta reys amalga oshirila boshlandi.

“Uzbekistan Airports” AJ aeroportlarida xizmat ko‘rsatilgan yo‘lovchilar soni 2023 yilda 10 million 409 ming 609 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2024 yilda 30 foizga oshdi va xizmat ko‘rsatilgan yo‘lovchilar soni 13 million 500 nafarga yetdi.

Yuklar bilan ishlash hajmida o‘sish sur’ati sezilarli ravishda ortdi va bu 95 ming 49 tani tashkil etdi. Ta’kidlanishicha, joriy yilda umumiy maydoni 8 ming 500 metr kvadratga teng yangi yuk terminali ishga tushiriladi.

Shu bilan birga, Urganch xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagi to‘liq rekonstruksiya qilindi, Andijon xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagida ham rekonstruksiya ishlari boshlab yuborildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA