Iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun Mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish jarayonlari muhim hisoblanadi.

Bu borada kimyo sanoati salohiyatini oshirish, ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlash hamda yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish yo‘nalishlarida qator amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Bu haqda kengroq ma’lumot olish maqsadida “O‘zkimyosanoat“ aksiyadorlik jamiyatning mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘limi boshlig‘i Abduhamid Salomov bilan suhbatlashdik.

– Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2024 yilda qanday natijalarga erishildi?

– Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda ushbu dasturning ahamiyati katta. Shu sababli, ishlab chiqarishda ushbu dastur ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shunga asosan o‘tgan yilda “O‘zkimyosanoat“ AJ tizimidagi korxonalarda Mahalliylashtirish dasturi doirasida 30 ta loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyihalar doirasida 3,12 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lsa, aslida 3,86 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bu reja 123,6 foizga bajarilganini anglatadi.

Bularning barchasi ichki resurslardan samarali foydalanish va innovatsion yechimlarni joriy etish natijasida amalga oshganini e’tirof etish lozim.

– Qaysi mahsulotlarni ishlab chiqarishga ko‘proq ehtiyoj oshmoqda?

– Albatta, ishlab chiqarishda bozor talabini o‘rganish juda muhim. Shundan kelib chiqib, korxonalarimizda natriy sianid, polivinilxlorid, natriy gidroksid, tiomochevina, sulfat kislotasi, poliakrilamid kabi muhim xomashyo va mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Bundan tashqari, eksport va ichki bozor uchun yangi turdagi mahsulotlar – gidroksipropilmetil-sellyuloza, paxta sellyulozasi, ammoniy xlorid, kaliy sulfat ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Aynan shu mahsulotlarga bozorda talab ham yuqori deyish mumkin.

– 2025 yilda qanday yangi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan?

– Joriy yilda 170 milliard so‘m yoki 13,1 million dollar miqdoridagi 7 ta yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu loyihalar doirasida o‘rta haroratli katalizator, koagulyant, katalitik tizimlar va ko‘pikli polipropilendan mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, sanitariya sohasi uchun bir martalik tibbiy kiyim, maishiy va avtomobil kimyoviy moddalarini ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz.

– Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha galdagi rejalar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Hozirda mahalliy korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi aloqalarini kengaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Misol uchun, kompensatsiyalovchi uskunalar, barbotyor, shnekvali, gidrotsiklon nasadkasi kabi mahsulotlarni ishlab chiqarishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu nafaqat importni qisqartirish, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.

Mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega. “O‘zkimyosanoat“ AJ tizimida amalga oshirilgan loyihalar nafaqat ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlamoqda, balki eksport salohiyatini ham oshirmoqda. Yangi yilda rejalashtirilgan loyihalar va hamkorliklar kimyo sanoatida yanada yuqori natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi.