Vatanimiz tarixidagi 8 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1474 yil (bundan 551 yil oldin) – fors-tojik shoiri, naqshbandiylik tariqatining yirik vakili, Alisher Navoiyning do‘sti va ustozi Abdurahmon Jomiy Makka safaridan Hirotga qaytib keldi. Adabiyotshunos olim Shuhrat Sirojiddinovning yozishicha, Jomiy necha marta Hajga borgani manbalarda qayd etilmagan. Ammo mamlakatda eng ulug‘ obro‘ va e’tiborga sazovor bo‘lib, Xurosonning peshvosiga aylangan davridagi Haj safari tarixda muxrlangan.
Faxriddin Ali Safiyning “Rashahot ayn ul-hayot” asarida ana shu tarixiy Hijoz safari tafsilotlari berilgan. Faxriddin Ali “Hazrat maxdumning muborak haj safariga yuzlanishi va ushbu safarda yuz bergan voqealar bayoni” nomli maxsus bo‘limda Hazratning safarga chiqish sanasini aniq ko‘rsatadi: “Ul kishi 877 yilning muborak rabiulavval oyining o‘rtalarida (1473 yil avgust) muborak haj safariga otlandilar”. Jomiyning Makka safaridan qaytishi va Hirotga kirib kelish sanasi esa mazkur bobning oxirida “sha’bon oyining o‘n sakkizinchisi” bilan belgilangan (1474 yil 8 yanvar).
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Qo‘qonda Turkiston Muxtoriyati askarlarining ko‘rigi o‘tkazildi. Shu kuni qurollangan qo‘shin soni 500 kishini, shundan 200 nafarini otliq askarlar tashkil etgan. Bundan tashqari qo‘rboshi kichik Ergash qo‘lida 50 ga yaqin, shaharda esa 150 askar mavjud bo‘lgan. Qatiy chora-tadbirlar ko‘rilishi natijasida qo‘shin soni ko‘paytirilgan. Tadqiqotchi Salima Madyarovaning yozishicha, muxtoriyat e’lon qilingan dastlabki kunlardanoq hukumat milliy armiyasi, militsiyasiga ro‘yxatdan o‘tish boshlangan edi.
Ko‘rikdan bir kun o‘tgach, 9 yanvarda Turkiston Muxtoriyati askarlarining birinchi harbiy namoyishi ham o‘tkaziladi. Namoyishda Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev Turkiston Muxtoriyati askarlarini o‘zi va yangi hukumat a’zolari nomidan tabrikladi. Uning Turkiston yoshlarida vatanparvarlik hissini uyg‘otuvchi, vatan posbonlarini yanada ruhlantiruvchi nutqida shunday jumlalar bor edi: «Sizlar Turkiston Muxtoriyatining birinchi qahramonlari bo‘ldingiz, bundan faxrlansangiz arziydi, chunki sizlar Vatanga birinchi marta o‘z ixtiyoringiz bilan askar bo‘ldingiz. Men sizlarni muxtoriyatli Turkiston hukumati a’zolari nomidan tabrik qilaman».
1937 yil (bundan 88 yil oldin) – Germaniyada o‘qib kelgan sobiq talabalardan biri, Yevropa andozasidagi birinchi o‘zbek kimyogar olimi Sattor Jabbor Germaniyaning josusi sifatida qamoqqa olindi. Unga qo‘yilgan ayblar oz bo‘lmagan. Shulardan birida aytilishicha, Sattor Jabbor 1931 yilda josuslik ishlarini olib borish uchun Germaniyadan SSSRga maxsus yuborilgan.
U go‘yo O‘zbekistonga qaytganidan beri Sho‘rsuv konlaridagi oltingugurt va Olmaliq konlaridagi ruda zaxiralarining miqdori, shuningdek, Chirchikdagi bir qator sanoat korxonalari, Marg‘ilon va Namangandagi pillachilik fabrikasi, Toshkentdagi kislorod zavodi xaqidagi maxfiy ma’lumotlarni vositachilar orqali Germaniyaga yetkazib turgan.
Akademik Naim Karimovning qayd etishicha, mahbusning bu axmoqona ayblarni rad etishi oson bo‘lmadi. U 1938 yil 9 oktyabrda otuvga hukm qilindi va hukm zudlik bilan ijro etildi. Sattor Jabbor qizillar qatag‘on mashinasining qurboniga aylandi.
1947 yil (bundan 78 yil oldin) – O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon dunyoga keldi (vafoti 2020 yil). Uning “O‘zbekiston askarlari” qo‘shig‘i milliy armiyaning birinchi saf qo‘shig‘iga aylangan.
1951 yil (bundan 74 yil oldin) – yozuvchi, jurnalist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do‘stmuhammad dunyoga keldi. Uning mehnat va ijodiy faoliyati davlatimiz tomonidan yuqori baholanib, “Shuhrat” medali, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi tuzildi. O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 19 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni bilan 8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni etib belgilandi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda milliy raqs va xoreografiya san’atini rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2007 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning asosiy vazifalari ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iborat.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston ekologik partiyasining ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi va unda yangi partiya ta’sis etildi. Mamlakatning ekologik barqaror rivojlanishiga, ekologik xavfsizlikka erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof-muhitni yaratish hamda tabiiy resurslarni saqlashga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni saqlash davlat, jamiyat va mamlakat har bir fuqarosining vazifasi bo‘lishiga erishishga ko‘maklashish partiyaning asosiy g‘oyasi hisoblanadi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining haq to‘lanadigan malaka amaliyotini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA