Mamlakatimizda alkogol va tamaki bozorini tartibga solish, alkogol va tamaki mahsulotlarining aylanishi sohasidagi davlat nazoratini amalga oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining faoliyati takomillashtirilgani munosabati bilan uning vakolatlarini qonun hujjatlarida aniqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida shu haqda so‘z yuritildi.

Unda “Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Shuning uchun mazkur qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunlarga ushbu Inspeksiyaning vakolatlarini belgilashga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi faoliyatiga berilgan litsenziya uchun yillik davlat bojini to‘lashning muddati belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan tegishli vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar hamda mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari bilan birgalikda har tomonlama va batafsil ko‘rib chiqildi.

Majlisda Soliq, Bojxona qo‘mitalari va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining axborotlari ham eshitildi.

Majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA