Mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu yil 13 dekabr kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur vazifalar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda palataning Kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarning holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi hamkorligida “Ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasida bugun mavjud barcha masalalar mahallaning o‘zida yechilib, minglab ehtiyojmand fuqarolar jamiyatda o‘z o‘rnini topayotgani, yangilangan Konstitutsiyamizda belgilangan ijtimoiy davlat tamoyili hayotda ro‘yobga chiqayotgani alohida ta’kidlandi. Asosiy qonunimizda o‘z ifodasini topgan muhim normalar hayotga tatbiq etib kelinayotgani, jumladan, davlatimiz rahbari Oliy Majlis palatasidagi ma’ruzalarida ham kelgusida ijtimoiy sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni belgilab bergani qayd etildi.
Shuningdek, kam ta’minlangan aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar xalq vakillari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklashi, fuqarolarning ijtimoiy yordam olish jarayonini soddalashtirish va tizimning barcha yo‘nalishlarida shaffoflikni ta’minlash maqsadida jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda so‘z olganlar ijtimoiy himoyaga oid qonunchilikni takomillashtirish va bugungi kun talablariga moslashtirish, sohadagi huquqiy asoslarni bosqichma-bosqich unifikatsiyalashga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. Xususan, “Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi qonunni bugungi islohotlarga moslashtirish, shuningdek, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish jarayonini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 2025 yilda 1 milliondan ortiq aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha katta marra olingani, ushbu maqsadlarga yo‘naltirilgan mablag‘larning samarali ishlatilishi va ajratiladigan yerlarni haqiqiy o‘z egasiga yetkazishda parlament nazorati shakllaridan ham samarali foydalanish lozimligi ta’kidlandi.
Davra suhbati yakunida ijtimoiy himoya sohasini rivojlantirish borasidagi aniq rejalar ishlab chiqish bo‘yicha qo‘mita oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA