O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani hokimi V.Niyazimbetov rahbarligida sektorlar, bir guruh tegishli mas’ul korxona va tashkilotlar rahbarlari eng olis hudud “Chuqurqoq” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.

Tadbirdan maqsad mahallada yashovchi aholi muammolarini o‘rganish, shuningdek,  yangi yil bayrami oldidan ular kayfiyatini yanada ko‘tarishdan iborat. Ochiq muloqot chog‘ida chekka mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi odamlarning har birning hayotdan mamnunligini, bugungi kunga shukronalik bilan yashayotganini anglash qiyin emas.

Uchrashuv yuqori kayfiyatda o‘tkazildi. Murojaatlar sektor rahbarlari nazaridan chetda qolmadi. Uchrashuv yakunida hududdagi umumta’lim maktabning faol o‘qituvchilarga esdalik sovg‘alar,   o‘quvchilarga esa kitoblar, o‘quv qurollari va sport anjomlari topshirildi.

So‘nggi yillarda Chuqurqoq mahallasida ko‘pgina ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, bozor yarmarkasi doimiy tashkil qilinib kelinmoqda. Hududdagi kam ta’minlangan 6 ta oilaga,  maktabgacha ta’lim muassasasiga, ovul shifokorlik punktiga quyosh paneli o‘rnatib berildi. Ellikqal’a tumani markaziga borib kelish muammosi hal etilib, haftasiga bir marta avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, bolalar uchun yangi “Workout” maydonchasi qurib bitkazildi. Suvni filtrlovchi EKOSning 3 dona dvigateli ta’mirlandi. Kadastri yo‘q bo‘lgan xonadon egalariga hujjatlar rasmiylashtirildi. Ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, fuqarolar murojaati asosida yangi maktab foydalanishga topshirildi.

“Yashil makon”  umummilliy loyihasi asosida umumta’lim maktabi oldida bo‘sh turgan yer maydoniga  yaxshi niyatlar bilan mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi. Shuningdek, sektor rahbarlari hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlarining qish mavsumiga tayyorgarligini ko‘zdan kechirdi.

Mahalla fuqarolar yig‘inida arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi tashkil qilinib, aholi ehtiyoji uchun zarur maktab kiyimlari,  oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish imkoniyati yaratildi. Tijorat banklari tomonidan yanada qulaylik yaratish maqsadida keksa yoshdagi aholining pensiya pullari tarqatildi. Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi tajribali shifokorlari tomonidan chekka hudud aholisi uchun tibbiy ko‘rik tashkil qilindi.

Albatta, o‘zlariga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibordan Chuqurqoq mahallasida istiqomat qilayotganlarning ko‘ngillari tog‘dek ko‘tarildi. Ezgulikka yo‘g‘rilgan mazkur tadbirlar jamiyatimizda mehr-oqibat, odamiylik kabi fazilatlarni yanada kuchaytirishi bilan birga barchani savob ishlar sari undamoqda.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.