Qatar poytaxti Doha shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Qatar Masters-2024” xalqaro turnirining kecha o‘tkazilgan 7-tur bahslari sarhisobiga ko‘ra, “A” guruhida ishtirok etayotgan 15 nafar shaxmatchimizning 4 nafari g‘alabaga erishdi, 8 nafari durang qayd etdi, 3 nafari imkoniyatni boy berdi.

138 nafar mahoratli shaxmatchi qatnashayotgan “A” guruhining 7-tur o‘yinlarida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda hindistonlik Bxarat Subramaniyamni dog‘da qoldirib, ochkolari sonini 5 taga yetkazib oldi. Ushbu g‘alaba turnirda ikkinchi raqamda tasniflangan shaxmatchimizning 11-o‘ringa ko‘tarilib olishini ta’minladi.

Mazkur turda Shamsiddin Vohidov – hindistonlik Adxiban Baskaran, Abdumalik Abdusalimov – hindistonlik Leon Lyuk Mendonka, shuningdek, Muhiddin Madaminov – Nodirbek Yoqubboyev o‘rtasidagi bahslarda murosa yo‘li tanlandi.

Ortda qolgan tur o‘yinlarida shaxmatchilarimizdan Humoyun Bekmurodov, Muhammadali Abdurahmonov, Asrorbek Omonov g‘alabaga erishdi. Hamyurtlarimizdan Muhammadzohid Suyarov, Saidakbar Saidaliyev, O‘lmas Rahmatullayev, Afruza Hamdamova durangga erishgan bo‘lsa, Ortiq Nigmatov, Bahrom Baxrillayev va Nilufar Yoqubboyeva raqiblariga ochko taqdim etdi.

Bugun, 11 dekabr kuni o‘tadigan 8-tur o‘yinlarida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan David Paravyan bilan kuch sinashadi. Qiziq jihati, 5 ochkoga ega ushbu shaxmatchi o‘tgan 7 ta turdagi barcha o‘yinlarni hindistonlik shaxmatchilarga qarshi o‘tkazgan. Ularning 2 tasida g‘alaba, 4 tasida durang, 1 tasida mag‘lubiyatga uchragan. Paravyan 6 turda turnirda birinchi raqam ostida tasniflangan Arjun Erigaisiga imkoniyatni boy bergan. 7-turda g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan sanalgan Andrey Yesipenko (FIDE) qora donalarda Solih Salim (BAA)ni mag‘lub etdi. Shant Sargsyan (Armaniston) va Arjun Erigaisi (Hindiston) qarama-qarshiligidagi o‘yin durang bilan yakunlanishi ortidan Yesipenko va Sargsyan 6 ochko bilan yetakchiga aylanib oldi. Hindistonlik Murali Kartikeyan va hamyurti Erigaisi 5,5 ochko bilan keyingi pog‘onalarda bormoqda.

Turnir jadvalini yuqoridagi grossmeysterlar boshqarib borayotgan holatda 11 nafar shaxmatchi 5 ochko bilan ularni ta’qib etmoqda. Ta’qibchilar orasida 10-o‘rindan joy olgan Nodirbek Yoqubboyev, 11-o‘rinni egallagan Nodirbek Abdusattorov 14 va 15-qatorlarni egallagan Abdumalik Abdusalimov hamda Muhiddin Madaminov bor. “Qatar Masters-2024” turnirining “B” guruhidagi bahslarda 140 nafar shaxmatchi dona surayotgan bo‘lsa, o‘zbekistonlik shaxmatchilardan Samandar Shermuhammadov 7-turda oq donalarda liviyalik Yusef A. Alxassadiga imkoniyatni boy berishi ortidan 6 ochko bilan 3-o‘ringa tushib ketdi.

Bugun o‘tadigan 8-turda Shermuhammadov oq donalarda xitoylik Mingren Xong bilan kurash olib boradi. Xitoylik shaxmatchi ayni paytda 6,5 ochko bilan musobaqada 2-o‘rinni egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 94 ming 250 AQSH dollaridan iborat “Qatar Masters-2024” turnirining “A” guruhida g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 25 ming AQSH dollariga ega chiqadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA