Tailandda o‘tkazilgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatining erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi 7 oltin, 3 kumush va 1 bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Chempionatda dastlab Shodiyorjon Meliqo‘ziyev -48 kg. vaznda qozog‘istonlik Sanjar Tashkenbayni 4:1 hisobida mag‘ub etdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. Asilbek Jalilov -51 kg. vazn toifasida filippinlik Marvin Tabamoni yenggan holda qit’a chempioniga aylandi.
Vazni -57 kg. bo‘lgan Mirazizbek Mirzaxalilov qozog‘istonlik Orazbek Assilkulovga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va terma jamoamiz hisobiga uchinchi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi. Shuningdek, Mujibillo Tursunov, Havasbek Asadullayev, Javohir Ummataliyev, To‘rabek Habibullayev kabi bokschilarimiz shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
O‘z vazn toifalarida finalga qadar o‘tkazilgan bellashuvlarda g‘alaba qozongan Adhamjon Muhiddinov, Shahzod Muzaffarov va Jasurbek Yo‘ldoshev kumush medal bilan taqdirlandi.
Musobaqada og‘ir vaznli bokschimiz Jahongir Zokirov bronza medaliga ega chiqdi.
Ma’lumot o‘rnida: Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan bokschilar tashkilotchilar tomonidan 8 ming AQSH dollar, kumush medal sohiblari 4 ming AQSH dollar, uchinchi o‘rindan joy olgan charm qo‘lqop ustalari esa 2 ming AQSH dollar pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA