Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, prokuratura va Ichki ishlar bo‘limlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va qalbaki dalolatnoma tuzib berish holatlari aniqlandi.
Jumladan, Nukus shahrida faoliyat yurituvchi “P.F.” mas’uliyati cheklangan jamiyat mas’ul shaxslari maktabgacha ta’lim tashkilotida davlat standartlariga javob bermaydigan yaroqsiz gaz hisoblash uskunasini o‘rnatib, 200 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi. Departamentning To‘rtko‘l tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa tuman elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi T.I. yakka tartibdagi tadbirkor N.T.ning savdo do‘koniga yangi elektr hisoblagich uskunasini o‘rnatib, hisoblagich o‘rnatilganligi to‘g‘risida qalbaki dalolatnoma tuzib, jami 69 million so‘mlik elektr energiyasidan qonunga xilof ravishda foydalanishga sharoit yaratib bergan.
Departamentning Qorao‘zak tumani bo‘limi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “R.s.” va “V.M.” mas’uliyati cheklangan jamiyatlar mas’ul shaxslari elektr suv nasoslarini umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, 70 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri