O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mamlakatimiz ijod ahlining Koreya Respublikasi yozuvchi va shoirlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Koreyalik ijodkorlar poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboniga tashrif buyurib, Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻydi.

Tashrif avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Adiblar xiyoboni, milliy adabiyotimiz dargʻalarining haykallari, ustoz adiblarning hayoti va faoliyati xususida chet ellik mehmonlarga batafsil maʼlumot berildi.

Yozuvchilar uyushmasi binosida kitoblar hamda taniqli fotoijodkor Ahmadjon Ergashev suratlaridan iborat koʻrgazma tashkil etildi.

Ijodiy muloqot davomida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar yangilanayotgan Oʻzbekistonda adabiyot, ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifat rivojiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani, turli millat va elat vakillarining erkin, samarali ijod qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini taʼkidladi.

– Bunday ijodiy uchrashuvlar adabiy aloqalarni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi, – dedi Sirojiddin Sayyid. – Prezidentimizning “Adabiyot – xalqning yuragi” degan soʻzlarini bugun ijod ahli oʻz faoliyatimiz uchun shior qilib olganmiz. Yevropa davlatlari, AQSH, turkiy davlatlarda ham uyushmaning faxriy aʼzolari bor. Bu uchrashuvimiz Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga hamohang oʻtkazilayotganida ham oʻziga xos ramziy maʼno bor. Zero, yozuvchi va shoirlar ham ustoz-muallimlardir. Ular ham oʻz asarlari bilan yosh avlodni maʼrifat sari yetaklashda oʻqituvchilar bilan yelkama-yelka ish olib bormoqdalar. Aytish kerakki, uyushmamiz aʼzolari turli millat vakillaridan iborat boʻlib, ular orasida koreys millati vakillari ham borligi eʼtiborga molikdir.

Hamkorlik uchrashuvida oʻzbek va koreys madaniyatini tarannum etuvchi badiiy musiqiy chiqishlar namoyish etildi.

– Men Oʻzbekiston haqida bir nechta kitoblar yozdim, – dedi koreyalik yozuvchi va jurnalist Cho Chyol Xyon. – Bu kitoblar Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, uning tashabbusi asosida mamlakatingizda kechayotgan yangilanish jarayonlari, bu zaminda istiqomat qilayotgan koreys diasporasi, mamlakatning oʻziga xos milliy qiyofasi, taraqqiyot odimlariga bagʻishlanadi. Bunday adabiy aloqalar yozuvchi va shoirlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning tobora kengayishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Adabiy anjumanda xorijiy mehmonlar tomonidan eʼtirof etilganidek, 1937-yilda Oʻzbekistonga koʻchirib kelingan koreyslar tabarruk zaminimizda boshpana, rizq-nasiba, ikkinchi Vatanga ega boʻldilar. Eng ogʻir va sinovli yillarda oʻzbek xalqi ular bilan soʻnggi burda nonini baham koʻrdi, eng asosiysi mehr va yaxshilik koʻrsatdi. Bugun mamlakatimizda ijod qilayotan ziyolilar safida koreys millatiga mansub ijodkorlar ham bisyor.

– Oʻzbek xalqi bilan farqli jihatlardan koʻra, oʻxshash tomonlarimiz juda koʻp, – dedi oʻzbekistonlik yozuvchi va jurnalist Vladimir Kim. – Bu oʻxshashlik kattalarga hurmat, mehnatsevarlik, anʼana va qadriyatlarga sodiqlikda yaqqol koʻzga tashlanadi. Bizdan mehrini darigʻ tutmagan Oʻzbekiston fuqarosi, shu yurtning farzandi ekanimdan juda faxrlanaman.

Adabiy muloqot davomida oʻzbek va koreys shoirlarining ijodidan namunalar ikki xalqning ona tillarida yangradi. Oʻzbekistonlik sanʼatkorlar ijrosida ikki xalqning qoʻshiqlari aytilgani tadbir ishtirokchilariga yanada koʻproq zavq, hayrat bagʻishladi.

Eʼtiborga molik jihati, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida koreyalik jurnalist va yozuvchilar, shoirlar bilan uchrashuvlar doimiy oʻtkaziladi. Koreya Respublikasining Kvanju shahrida oʻtkazilgan yozuvchilarning IX xalqaro kongressida oʻzbekistonlik adiblar ishtirok etdi. Koreya Respublikasidagi Markaziy Osiyo markazi tomonidan oʻzbek yozuvchisi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Muhabbat Yoʻldoshevaning “Mening bulut doʻstlarim” kitobi bir yoʻla oʻzbek, koreys, ingliz, rus tillarida chop etildi. Bularning bari adabiy aloqalarimiz tobora kengayib, mustahkamlanib borayotganini yana bir bor koʻrsatmoqda.

Anjuman doirasida ikki xalq yozuvchilari oʻrtasidagi hamkorlikning yangi istiqbollari belgilandi.

Mehmonlar poytaxtimizdagi yangilanish jarayonlari bilan tanishib, diqqatga sazovor maskanlar, tarixiy obidalarga sayohat qildi.

Nazokat Usmonova, OʻzA muxbiri