Yaqin Sharqda yuz berayotgan fojiali voqealar tafsiloti bugun ko‘pchilikning e’tiborida. Quyida ushbu mavzuga oid oxirgi yangiliklar haqida so‘z yuritamiz.
Falastinning XAMAS guruhi rahbariyati Isroil bilan sulh bitimi shartini o‘zgartirish taklifiga qarshi chiqdi. AQSH Davlat kotibi Blinken Yaqin Sharq bo‘ylab safarini davom ettirdi, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakili Isroilga “uzoq javob” bilan tahdid qilmoqda.
XAMASning yuqori martabali mulozimi Usama Hamdan Blinkenning Isroil G‘azo sektorida vaqtincha sulh tuzishga rozi bo‘lgani, endi XAMASdan ham javob kutilayotgani haqidagi bayonotini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu avval kelishilgan taklif emas.
XAMAS 31 mayda Bayden taklif qilgan va 11 iyun kuni BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan asl nusxaga sodiq qoladi.
O‘z navbatida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil mudofaa kuchlari hech qanday sharoitda Filadelfiya va Netzarim yo‘laklarini tark etmasligini aytdi. Shundan so‘ng isroillik garovga olinganlarning oilalari hukumat yetakchisini kelishuvni buzishda aybladi.
Isroil muxolifati yetakchisi G‘azo sektorida sulh bitimi va anklavdagi mahbuslarni ozod qilish talabini yana bir bor eslatdi.
“Hizbulloh” seshanba kuni ertalab Livandan Isroildagi harbiy obe’ktlarga yirik raketa hujumi uyushtirib, Golan tepaligi va Yuqori Jaliladagi ikki harbiy bazaga 55 ta raketa uchirdi. Guruh bayonotida bu harakat Isroilning Bekaa mintaqasiga bir kechada uyushtirgan hujumiga javob ekani ta’kidlangan. SAXAL ma’lum qilishicha, Isroil “Hizbulloh”ning qurol omborini nishonga olgan. Keyinroq Livandan G‘arbiy Jalilaga taxminan 20 ta raketa otildi. Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektori janubidagi Xon Yunisda o‘tkazgan bir kecha-kunduzlik amaliyot davomida garovga olinganlardan olti nafarining jasadini olib chiqqan. Shundan so‘ng SAXAL asirlar o‘limi sababi, jumladan garovga olinganlar Isroil o‘tida halok bo‘lgani ehtimoli o‘rganilishini bildirdi.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning Yaqin Sharq bo‘ylab safaridan ko‘zlangan maqsad G‘azodagi urushni tugatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokara g‘oyasini ilgari surish. U Misrda Prezident va tashqi ishlar vaziri bilan uchrashgan.
Abdulfattoh as-Sisiy ziddiyat mintaqaviy darajaga ko‘tarilishi xavfidan ogohlantirib, buning oqibatini “tasavvur qilish qiyin”ligini ta’kidlagan.
G‘azodagi maktabda joylashgan XAMAS qo‘mondonlik manziliga hujum natijasida 12 kishi halok bo‘ldi. Fuqarolik mudofaasi rasmiylari o‘nlab odam vayrona ostida ko‘milgan, deb hisoblayapti.
Isroil harbiylari fikricha, mazkur Mustafo Hofiz maktabidan qarshi hujumni rejalashtirish va amalga oshirish maqsadida foydalanilgan.
Mahalliy matbuot esa bino yuzlab ko‘chirilgan odamlarga boshpana ekanini qayd etgan.
Falastin ommaviy axborot vositalari sektor markazidagi Al-Barakoh aylanmasi yaqinida, odamlar gavjum hududga uyushtirilgan hujum oqibatida kamida 10 nafar fuqaro halok bo‘lgani, o‘nlab odam yaralangani haqida xabar tarqatdi.
Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant aytishicha, Isroilning “og‘irlik markazi” asta-sekin markazdan shimolga ko‘chyapti. Ya’ni, mamlakat Livanning “Hizbulloh” guruhi bilan raqobatni keskinlashtirishga tayyorgarlik ko‘ryapti.
Politsiya Isroil markazidan noqonuniy saqlanayotgan qurollarni musodara qildi. Netaniya markazidagi bino yonidagi avtomobillar turar joyida granata otish moslamasi topildi. Aslahani politsiya sapyori muvaffaqiyatli zararsizlantirdi.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi matbuot kotibi Alimuhammad Nainiy Isroildan o‘ch olinishini uzoq vaqt kutishga to‘g‘ri keladi, deya taxmin qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Eron 31 iyul kuni Tehronda XAMAS yetakchisi Ismoil Xaniya o‘ldirilishiga javoban qasos olish bilan tahdid qilgan. Isroil hozirgacha qotillikka aloqadorligini na tasdiqladi va na inkor qildi.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova tayyorladi.