Sohil elektr bilan himoya qilinadi
Suv oqimi qirg‘oq bo‘yini vayron qilishi sezilarli moliyaviy zarar keltirishi mumkin. AQSH Shimoli-g‘arbiy universiteti olimlari mazkur muammo noodatiy yondashib, elektr energiyasi yordamida qumni mustahkamlash taklifini bildirishdi. Tadqiqotchilar mollyuska va midiyadan ilhomlanganini tan olishgan. Ma’lumki, dengiz jonivorlari suvda erigan minerallar yordamida qobiq yasaydi. Olimlar sohilni mustahkamlash uchun shunday usul qo‘llashga qaror qilishdi.
Mutaxassislar tajriba o‘tkazib, kuchsiz elektr toki bilan qum tuzilishini bir zumda o‘zgartirishga erishdilar. Dengiz suvi tarkibida juda ko‘p ion, erigan mineralga 2-3 volt tok yuborilsa, kimyoviy reaksiya yuz beradi. Masalan, qattiq kalsiy karbonat, kuchlanish 4 Vga yetsa, magniy gidroksidi va gidromagnezit hosil bo‘ladi. Bunday material toshda uchraydi. Mineral qum zarrasini bir-biriga yopishtirib, qattiq va bardoshli qiladi.
Robot it chumoliga qarshi kurashadi
– Xitoy va Braziliya olimlari noodatiy bir vazifani bajarishda itga o‘xshash robotdan foydalanmoqda, – deydi Braziliyaning Goyas davlat universiteti tadqiqotchisi Eduardo Foks. – Qurilma maxsus dasturiy ta’minot va sun’iy intellekt tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, xavfli, bosqinchi olov-chumoli uyasini qidiradi. “Tech Xplore” kompaniyasi dala sharoitida “Xiaomi” yaratgan “CyberDog” robotini ishlatyapti. Temir it odamga qaraganda uch barobar ko‘p uya topgan. “O‘qitilmagan odam uchun dalada olovli chumoli uyasini aniqlash qiyin. Keng maydon qidirish issiq quyosh ostida ko‘p vaqt oladi va kishini zeriktiradi. Robot maxsus o‘qitilgan odam yordamiga muhtoj bo‘lmasdan, avtomatik ravishda uyani aniqlaydi. Bundan tashqari yuqori harorat sharoitida, har qanday sharoitda ishlay oladi.
Qizil olov-chumoli eng xavfli hasharot hisoblanadi. Bu tur o‘zidagi kuchli zahri bilan qorin bo‘shlig‘ining orqa qismidagi bezni chaqadi. Inson kuchli og‘riq sezadigan, allergik reaksiyaga uchraydigan ayni holat o‘limga ham olib kelishi mumkin.
Afrikada dunyodagi eng yirik olmos topildi
Kanadaning “Lucara” kompaniyasi Afrika janubidagi Botsvana davlati hududida juda katta olmos bo‘lagini qazib oldi. Og‘irligi 2492 karat – 498,4 gramm bu qimmatbaho topilma inson kaftiga sig‘maydi. Kon rentgen nuri yordamida tekshirilgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu mamlakat qiymati bo‘yicha eng yirik olmos ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Ilgari Karove konida 1758 va 1109 karat keladigan toshlar topilgan. Birinchisi zargarlik buyumi xususiyatiga ega bo‘lmagan, ikkinchisi 2017 yil sentyabrda 53 million dollarga sotilgan.
Bu galgi qazilma modda tarixdagi ikkinchi yirik olmos hisoblanadi. Rekord esa 1905 yil Janubiy Afrikada topilgan “Afrika yulduzi”ga tegishli.
Qirg‘izistonda dinozavrning noyob turi topildi
Yaqinda “Zoological Journal of the Linnean Society” jurnalida xalqaro olimlar guruhi Qirg‘izistonda dinozavrning yangi turini topgani haqida maqola chop etildi. Kashfiyot Myunxen paleontologiya muzeyi mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlagan mahalliy olimlar tomonidan amalga oshirilgan.
Qirg‘iziston g‘arbida, Toshko‘mir shahri yaqinida topilgan dinozavrga “Alpkarakush kyrgyzicus” nomi berildi. Bu atama “Manas” dostonidagi afsonaviy qush Alpqoraqushga ishora.
Olimlar ta’kidlashicha, Yura davri yirik yirtqichlari Markaziy Yevropa va Sharqiy Osiyo o‘rtasidagi hududlarda avval topilmagan. “Alpkarakush kyrgyzicus” Qirg‘izistonda topilgan birinchi teropod, yo‘qolib ketgan ulkan hayvonlar guruhi vakili ekan. Qoldiqlar ilk bor 2006 yil topilgan. Keyingi 17 yil davomida olib borilgan qazuv jarayonida bosh suyagi, umurtqa, old va orqa oyoq-qo‘l bo‘laklari chiqqan.
Uzunligi 9 metrga yetadigan dinozavrning bu yangi turi metriakantozavr zotiga mansubligi aytilgan.
AQSHda internet tarqatadigan dirijabl sinovdan o‘tkazildi
AQSHda sinovdan o‘tkazilgan “Sceye HAPS” nomli noyob uchar apparat uzoq hududga internet yetkazib beradi. G‘ayrioddiy dirijablga o‘xshash, uzunligi 65 metr mazkur qurilma 19,8 ming metr balandlikka ko‘tarilishi mumkin. Quyosh batareyalari o‘rnatilgan dirijabl aloqa muammosi mavjud hududlarga keng chiziqli Internetni ta’minlab berishdan tashqari, iqlim holatini kuzatadi, atrof-muhitdan ma’lumot to‘play oladi. Qolaversa, o‘rmon yong‘ini kabi turli tabiiy ofatlardan ogoh etadi. “Sceye HAPS” 15 avgust kuni soat 07:36 da AQSH Nyu-Meksiko shtatida osmonga uchirilib, 18,6 ming metrga ko‘tarildi va havoda bir kundan ko‘p turdi.
Agar sinov yaxshi natija bersa, kashfiyot 2025 yildayoq tijoriy usulda foydalanishga topshirilishi mumkin.
Tirnoq bo‘yash – sog‘liq uchun zarar
Ma’lumki, tirnoq bo‘yash dunyo bo‘ylab keng ommalashgan. Bu amal inson tanasiga zarar yetkazishi mumkinmi? Shimoliy Karolina dermatologlari fikricha, bu ko‘plab omillarga bog‘liq. Asosiy muammo uch usul bilan bog‘liq: qoplamani olib tashlash uchun atsentondan foydalanish, formaldegidli an’anaviy lak va jel manikyurasi. An’anaviy tirnoq laki tarkibida terini bezovta qiladigan, allergiya keltirib chiqaradigan toluol, formaldegid va formaldegid-relizer bor. Salbiy ta’sirdan qutulish uchun ushbu moddalarsiz brendlarni tanlashga to‘g‘ri keladi. Afsuski, bu oson emas. Masalan, 2019 yil o‘tkazilgan tadqiqot “formaldegidsiz”ligi ko‘rsatilgan 28 brenddan to‘rttasida ushbu ma’lumot noto‘g‘riligi aniqlandi. Yana bir salbiy ta’sir – saraton kasalligi. Formaldegid bug‘i bilan ko‘p miqdorda nafas olish mazkur xastalik rivojlanish xavfini oshiradi. Ayni ogohlantirish sanoat ishchilari, balzamchilar va kamdan-kam holda manikyur ustalari uchun. Dermatolog fikriga ko‘ra, jelga asoslangan mahsulot, odatda xavfsiz, ammo qo‘llash usuli bo‘yicha savollar mavjud. Birinchidan, bunday manikyur ultra binafsha nurlanish ta’sirida qattiqlashadi va teri saratoni xavfini oshiradi. Binobarin, hali ayni muammo to‘liq o‘rganilmagani ham ta’kidlanmoqda. Ikkinchidan, atsetonga solib yoki namlash orqali olib tashlashga urinish tarkibini sezilarli darajada zaiflashtiradi va tirnoqni ingichka qiladi. Eng asosiysi, jelda ba’zan “metil metakrilat” deb ataladigan kimyoviy modda uraydi.
Saudiyada suvda harakatlanadigan elektr taksi paydo bo‘ladi
Saudiya Arabistonida qurilayotgan Neom shahri me’morlari g‘aroyib g‘oya bilan insonlarni lol qoldirishda davom etmoqda. Ular sayyohlar va aholi uchun suv transporti konsepsiyasi – “Candela P-12” ekologik toza taksi taqdim etdi. O‘tgan yil bir kompaniya kelajakda yangi shahar aholisini tashish uchun 8 ta yo‘lovchi gidrofoil parkiga buyurtma bergan. Bunday taksilar kuzda Stokgolmda jamoat transporti sifatida sinovdan o‘tishi kerak.
“Candela P-12” konfiguratsiyasiga qarab 30 tagacha yo‘lovchini olib, kompyuter tomonidan boshqariladigan gidrofoilda suv yuzasiga ko‘tariladi. Kema soniyasiga 100 marta muvozanatlashadi. Hatto, shamol va to‘lqinda ham barqarorlikni saqlaydi.
Internet materiallari asosida
S.Rahimov tayyorladi. O‘zA