Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi. O‘tganlar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur majmua qoshida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi qoshida islom madaniyati, umumbashariy sivilizatsiya rivojiga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ko‘p qirrali boy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish tashabbusi mamlakatimiz jamoatchiligi va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.
Tez orada mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha qurilish ishlari boshlab yuborildi. Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 14-aprel kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur markaz qurilishi bilan tanishdi.
Prezidentimizning shu yil 21-may kuni Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tuzish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Bugungi kunda ilmiy-tadqiqot markazi qurilishi jadal davom etmoqda. Davlatimiz rahbari mazkur markazni zamonaviy qilib bunyod etish bilan birga uni ma’naviy mazmun bilan yanada boyitish, buyuk ajdodlarimiz merosini targ‘ib etishni ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Prezidentimizga Samarqand shahrining Dahbed ko‘chasidan Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasiga olib boruvchi Nurafshon ko‘chasini obodonlashtirish, yo‘l bo‘yida zamonaviy turar-joylar, savdo va maishiy xizmat inshootlari barpo etish loyihalari bo‘yicha ma’lumot berildi.