Mo‘g‘uliston hududlardan kelgan avto ulovlar uchun Ulan-Bator ko‘chalarida yurish uchun to‘lov joriy qiladi. Aytilishicha, ushub chora poytaxtda mashina tirbandligini 5 foiz kamaytirishi mumkin. Bu haqda shahar hokimiyati ma’lum qilgan.

Avtomobili uchun viloyatdan davlat raqami olgan haydovchilar 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab Ulan-Batorda yo‘l uchun haq to‘laydi. 48 soat yurgan mashina uchun to‘lov taxminan 0,28 dollarni tashkil etadi. Agar fuqaro poytaxtda ikki kundan ko‘p qolsa, kuniga 1,6 dollardan kechishga majbur.

Tiqilinch Ulan-Batorning ko‘p yillik muammosi. Mamlakatning asosiy shahriga hududlardan har kuni o‘rtacha 19 ming avtomobil kirib keladi. Bayram kunlari esa ushbu ko‘rsatkich keskin oshib, ba’zan 38 mingga chiqib ketadi.

Yig‘imdan tushgan mablag‘ poytaxt yo‘l jamg‘armasi hisobiga o‘tadi va ta’mir ishlariga yo‘naltiriladi. 2023 yil kuzda Ulan-Bator meri Xishgeegiyn Nyambaatar shahar ko‘chalarida tiqilinchga qarshi kurashish uchun yengil avtomobillar importi hamda yangi avtomobilga raqam berishni cheklash taklifini kiritgan edi.

Kuniga 2,5 soat tyo‘lda turib qolish Mo‘g‘uliston poytaxtida odatga aylangan. Hukumat ko‘p yillardan buyon ushbu muammoni hal qila olmayapti, chunki shahar aholisi ko‘paygan sari ulov soni ham ortmoqda. Afsuski, yo‘llar talab darajasida emas.