Buxoroda 900 million kilovatt elektr va 400 million kub metr gazni iqtisod qilish imkoni borligi qayd etildi. Bu umumiy iste’molning 20 foiziga teng.

Yirik korxonalarda uskunalarni yangilash va audit o‘tkazish orqali 25 foizigacha elektr va gazni iqtisod qilish mumkin. 

Buxoroda 200 ming ko‘chmas mulk ob’ektida kamida 3 kilovattli quyosh paneli o‘rnatib, 600 megavatt quvvat yaratish mumkin. Bu bilan viloyat elektr iste’molining yana 20 foizi iqtisod bo‘ladi.

Lekin, hozirgacha 2 ming xonadon va 750 ta tadbirkor panellar o‘rnatgan bo‘lsa-da, tarmoqqa berilgan elektr uchun bor-yo‘g‘i 292 tasiga puli to‘langani tanqid qilindi. Oqibatda panel o‘rnatganlar rag‘bat sezmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga xonadon, mahalla, panel o‘rnatuvchini bir-biriga bog‘lab, aholiga tushuntirish, panel qo‘yganlarga to‘lovlarni o‘z vaqtida tushirish ishlarini tashkil qilib, yil yakunigacha keskin o‘zgarish qilish topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro viloyatiga qilingan tashrif natijadorligini oshirish, muqobil energiya manbalarini joriy etish hamda sanoat korxonalari uchun jozibador sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

O‘zA