O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

2017-yil 24-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N.Yo‘ldoshev boshqardi.

Senatorlar ishni “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Qonun 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-fevralda qabul qilingan “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2761-sonli qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Senatorlarning fikricha, qabul qilingan qonun hujjatlarini ijrochilarga yetkazish, ularning mazmun-mohiyatini aholi orasida tushuntirish ushbu hujjatlarning so‘zsiz bajarilishi, demakki, jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashning muhim sharti hisoblanadi.

Senatorlar ta’kidlaganlaridek, ushbu qonun huquqiy axborot tarqatish sohasidagi u yoki bu munosabatlarni tartibga soluvchi yigirmadan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlarni o‘zida mujassam etib, bu sohadagi huquqiy boshqaruvning tizimli bo‘lishini ta’minlaydi.

Qonunda zamonaviy xalqaro standartlarni hisobga olgan holda asosiy huquqiy tushunchalar mustahkamlangan bo‘lib, unda davlat organlari, ya’ni vazirlik va idoralar, joylardagi davlat hokimiyati organlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy axborotni tarqatish sohasidagi vakolatlari belgilangan. Bunda huquqiy axborotni tarqatishni tashkil etish, bu boradagi barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ deb O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan.

Qonun bilan huquqiy axborotni tarqatishning aniq tartibi va usullari belgilab berilgan. Xususan, qabul qilingan qonun hujjatlarini rasmiy va norasmiy tarqatma tarzida tarqatish, ularni Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida va davlat organlarining veb-saytlarida joylashtirish tartibi o‘rnatilmoqda.

Qonun bilan davlat organlarida me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirilgan holda hisobga olishning majburiy tartibi joriy etilib, uning so‘zsiz ijro etilishi ustidan nazorat tizimi mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Qonunda huquqiy targ‘ibot yuritish huquqiy axborot tarqatishning samarali usullaridan biri sifatida ta’riflangan bo‘lib, uni amalga oshirish shakllari mustahkamlab qo‘yilgan: konferensiya, uchrashuv, seminar, davra suhbatlari va muloqotlar o‘tkazish; qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, amaldagi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini ochib beruvchi tele- va radiodasturlar uyushtirish, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida materiallar joylashtirish, sharhlar, risolalar, plakatlar, bukletlar tarqatish shular jumlasidandir.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonunni davlat organlari va tashkilotlari, ijrochilar, har bir mahalla, kutubxona va ta’lim muassasasiga imkon qadar tezroq yetkazish muhim vazifadir. Zero, qonunga muvofiq bu maskanlarda mamlakatimizning har bir fuqarosi uchun huquqiy axborotdan erkin foydalanish imkoniyati ta’minlanishi shart. Qonun bo‘yicha so‘zga chiqqan senatorlar uning ijro etilishi ustidan samarali davlat va jamoat nazoratini amalga oshirish ham muhim vazifa ekanligini ta’kidladilar. Bu aholining huquqiy savodxonligi, huquqiy madaniyatini oshirish, mamlakatimizda qonuniylik, ijro intizomini ta’minlashning muhim omiliga aylanishi lozim. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar. Ta’kidlanganidek, ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martda qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Senatorlarning fikricha, yoshlarga oid davlat siyosati doirasida qabul qilingan ushbu qonun har tomonlama rivojlangan, barkamol yosh avlodni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

Muhokama chog‘ida senatorlar ta’kidlaganlaridek, amaldagi qonun hujjatlari, xususan, 2008-yilda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun bilan shafqatsizlik, zo‘ravonlik va bolalarga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa axborotni aks ettiruvchi adabiyotlar tarqatilishini, filmlar namoyish etilishini taqiqlovchi me’yorlar nazarda tutilgan. Shu bilan birga, globallashuv, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, Internet tarmog‘i keng rivojlangan bir sharoitda bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi, shuningdek, xalqimizning yoshlar tarbiyasi poydevorini tashkil etuvchi ma’naviy asoslarini yemiruvchi axborotdan ular himoya qilinishini ta’minlovchi yanada samarali huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlarni shakllantirish muhim vazifaga aylandi.

Ko‘rib chiqilgan qonunda davlat organlarining ushbu sohadagi vakolatlari, bu faoliyatda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokining mexanizmlari aniq belgilangan. Mazkur qonunga muvofiq davlat organlari, fuqarolik institutlari, ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas’ul vakolatli davlat organi etib O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi belgilangan. Qonunda bolalarga zarar yetkazuvchi axborot turlari ta’riflangan. Bolalarni o‘z hayoti va salomatligiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga undaydigan, ularda narkotik vositalar, alkogolli va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, qimor o‘yinlarida ishtirok etish istagini paydo qiladigan axborot tarqatilishi to‘liq man etilgan. Oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, turli noqonuniy xatti-harakatlar, shafqatsizlik, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik, jamiyatga qarshi boshqa xatti-harakatlarni oqlaydigan axborot tarqatilishi taqiqlangan.

Qonun bilan zararli axborotdan iborat media mahsulotlarning aylanishi va tarqatilishiga nisbatan umumiy talablar o‘rnatilgan. Xususan, bosma shakldagi, zararli axborotdan iborat mahsulotning bolalar kirishi mumkin bo‘lgan joylarda faqat zich o‘ralgan idishlarda tarqatilishi belgilangan. Bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot mahsulotining bolalar uchun mo‘ljallangan ta’lim, tibbiyot, sanatoriy-kurort, jismoniy tarbiya va sport, madaniyat va sog‘lomlashtirish muassasalarida tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Qonunda qayd etilganidek, axborotni bolalar yoshiga qarab tasniflashning batafsil tartibi, shuningdek, ularni u yoki bu toifaga kiritish mezonlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan alohida nizom bilan belgilanadi.

Qonunda axborot mahsuloti ekspertizasini o‘tkazish va bolalar orasida taqiqlangan axborot mahsulotlari reyestrini yuritish shartlari, tartibi o‘rnatilmoqda. Ushbu Reyestrni tuzish va uni yuritish O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga yuklatilgan.

Senatorlarning fikricha, qonunning normalari bolalarning zamonaviy ilm-fan, madaniyat, ta’lim yutuqlariga doir axborotdan foydalanish imkoniyatini cheklamaydi. Uning qoidalari xalqaro huquqning umum qabul qilingan me’yor va tamoyillariga, xususan, Bola huquqlari deklaratsiyasi (1959-yil), BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi kabi hujjatlar va boshqalarga to‘liq mos keladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni muhokamasi chog‘ida senatorlar qayd etganlaridek, ushbu qonun davlatimiz rahbari tomonidan yuritilayotgan tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ular faoliyatiga asossiz aralashuvining oldini olishga qaratilgan izchil siyosatning amaldagi ifodasidir. Aynan shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-maydagi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti ta’sis etildi, uning faoliyatining huquqiy mexanizmlari belgilab berildi.

6.JPG

Tadbirkorlikni, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatining amalga oshirilishida ishtirok etish, ularni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, qabul qilingan hujjatlarning tadbirkorlik sohasiga ta’sirini baholash, qabul qilingan hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati rivojiga ta’siri samaradorligini baholash, bu sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflarni tayyorlash Vakilning asosiy vazifalari etib belgilangan.

Qonun Vakilga sohada nazoratni amalga oshirish, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlariga shubhasiz rioya etilayotganligi ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha keng vakolatlar beradi. Xususan, u davlat organlarining (tashkilotlarining) qarorlari, ular mansabdor shaxslarining tadbirkorlar huquqlarini buzuvchi harakatlari ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi, ularning faoliyatini tekshirish qonuniyligi ustidan monitoring o‘tkazadi, arizalar va da’volar bilan sudlarga murojaat qiladi, davlat organlarining majlislarida ishtirok etadi, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Shu bilan birga, qonunda Vakil tomonidan ko‘rib chiqilmaydigan masalalar ham belgilangan. Tadbirkorlar o‘rtasidagi iqtisodiy nizolar, oilaviy, mehnat va tadbirkorlik bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar, shuningdek, sudning, tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovni, surishtiruvni va jazo ijrosini amalga oshiruvchi organlarning vakolat doirasiga kiradigan masalalar shular jumlasidan.

Tadbirkorlar manfaatlariga daxl qiladigan eng muhim, dolzarb masalalarni hal qilishda Vakilning mustaqilligini ta’minlash maqsadida Vakil qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etaladi. U Prezidentning roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki ma’muriy jazo choralariga tortilishi mumkin emas.

Vakil instituti qonunga muvofiq nafaqat mamlakatimiz tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoyasini, balki O‘zbekiston Respublikasida o‘z biznesini yuritayotgan xorijiy kompaniyalar huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoyasini ta’minlashi lozim. Senatorlarning fikricha, bu O‘zbekistonning investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini oshirishga, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi, suddan farqli o‘laroq, yangi institutning joriy etilishi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini hal etishda tadbirkorlar rolini oshirishda o‘ta muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.

Shundan so‘ng senatorlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida ishlab chiqilgan va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan parlament ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan.

Muhokama chog‘ida senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, ushbu qonun davlat organlari tizimini fuqarolarning eng muhim muammolarini hal qilishga safarbar etishga qaratilgan davlat siyosatining muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Ushbu siyosatning mohiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan lo‘nda qilib “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, deya belgilab berilgan.

Ta’kidlanganidek, yangi qonunning qoidalari jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashning huquqiy mexanizmlarini aniqlashtiradi, bu esa mazkur sohadagi huquqni qo‘llash amaliyotini yaxshilashga xizmat qiladi. Senatorlarning fikricha, qonunning muhimligi quyidagilardan iborat.

Qonun bilan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan davlat boshqaruvi tizimiga joriy etilgan Xalq qabulxonalari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonalari institutining huquqiy maqomi mustahkamlab qo‘yilgan. Bu institut, senatorlarning fikricha, inson huquqlari va erkinliklarini, shuningdek, fuqarolarning murojaat qilishga doir konstitutsiyaviy huquqini himoya qilishning muhim mexanizmi hisoblanadi.

Qonunning kuchi avvalgidek davlat organlariga nisbatan tatbiq etilibgina qolmay, balki davlat tomonidan yoki uning ishtirokida tashkil etilgan, Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan va fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan tashkilotlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Qonunda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishning huquqiy prinsiplari belgilab berilmoqda. Xususan, murojaatlarni o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqish, murojaatlarni ko‘rib chiqish chog‘ida byurokratizm va sansalorlik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar faoliyatining shaffofligi kabi tamoyillar shular jumlasidandir.

Qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyotiga murojaatlarning yangi shakllari, xususan, davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning ishonch telefonlari, “bevosita aloqa liniyalari” orqali, videokonferensaloqa vositasida kelib tushgan murojaatlar, rasmiy veb-sayt, virtual qabulxona orqali va boshqalar kiritilmoqda. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilishning yangi shakllari va tartibi kiritilmoqda: sayyor, shaxsiy va ommaviy qabullar, videokonferensaloqa vositasidagi, audio va videoyozuvni qo‘llash orqali qabullar va boshqalar shular jumlasidandir.

Senatorlar ta’kidlaganlaridek, ushbu qonunning qabul qilinishi davlat organlarining, tashkilotlarining xalq bilan samarali qayta aloqasini mustahkamlash, davlat organlarining ochiqlik darajasini oshirish, ularning insonlarni o‘ylantirayotgan aniq muammolarni hal qilish bo‘yicha faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ng senatorlar “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida”giO‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.

22.JPG

Qonun Toshkent shahrining tumanlarida xalq deputatlari Kengashlarini tuzish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratib beradi. Bu esa hokimiyatning mahalliy organlari byudjet vakolatlari amalga oshirilishi ustidan nazoratni o‘rnatishga, ularning mamlakatimiz poytaxti tumanlarini ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning muhim masalalarini hal qilishdagi o‘rnini mustahkamlashga, islohotlarni ro‘yobga chiqarishdagi roli va ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu masala muhokamasi chog‘ida ta’kidlanganidek, amaldagi qonun hujjatlarida (Konstitutsiyaning 99-moddasi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 1-moddasida) Toshkent shahrida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarini tuzish nazarda tutilmagan. Shu bilan birga, amaldagi qonun hujjatlarining bu qoidasi poytaxt tumanlariga (ularning soni Toshkentda 11 ta) mahalliy byudjetlar loyihalari, ularning ijrosi muhokamasini o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaydi, chunki, masalan, byudjet kodeksiga muvofiq, tumanlar (shaharlar) byudjetlarining ko‘rib chiqilishi va qabul qilinishi, shuningdek, ularning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarning eshitilishi xalq deputatlari Kengashlari vakolatlariga kiradi.

Shu munosabat bilan qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov 2017-yil dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi orqali ularni tuzishni nazarda tutuvchi bir qator o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq saylovni tashkil etish va o‘tkazish uchun tuman saylov komissiyalari tuzilishi tavsiya etilmoqda.

Ushbu qonunga muvofiq xalq deputatlari tuman Kengashlarining yangi saylangan deputatlari saylov natijalari bo‘yicha ularning yangi tarkiblari shakllangunga qadar o‘z vakolatlarini amalga oshiradi.

Bundan tashqari, qonunda shaharlarda tumanlar hokimlari lavozimlariga tasdiqlash, shuningdek, yangi Kengashlar tuzilishi munosabati bilan xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan ularning hisobotlarini eshitish tartibi belgilab berilmoqda.

Senatorlarning fikricha, taklif etilayotgan o‘zgartishlar Toshkent shahrida sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni ro‘yobga chiqarishda hokimiyat vakillik organlarining, poytaxt jamoatchiligining rolini kuchaytirishga, mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, tumanlar hududini rivojlantirishning istiqbolli dasturlarini amalga oshirish, qonun hujjatlariga muvofiq mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilash ustidan xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan nazorat qilish mexanizmini o‘rnatishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar 30-iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kuni” deb belgilanadigan “O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar ta’kidlaganlaridek, yoshlarga oid davlat siyosatining mohiyati yoshlarni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdan, ma’nan yetuk va jismonan sog‘lom avlodni shakllantirishdan, ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishdan iborat. “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni har tomonlama yetuk, keng dunyoqarashga ega, mamlakat kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga, xalq manfaatlarini ta’minlash yo‘lida bor salohiyatini safarbar etishga qodir bo‘lgan yoshlarni tarbiyalashning mavjud huquqiy negizini yanada mustahkamlashga ko‘maklashmoqda.

Ushbu masalaga muhim ahamiyat bergan holda, keng jamoatchilik, eng avvalo yoshlarning takliflari va fikr-mulohazalarini hisobga olib, 2017-yil 30-iyunda bo‘lib o‘tgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tuzish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. Ushbu qurultoyda 30-iyun kunini mamlakatimizda O‘zbekiston yoshlari kuni, deb e’lon qilish taklif etildi.

Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali ro‘yobga chiqarishga, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh qilishga ko‘maklashadi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni etib dekabr oyining ikkinchi yakshanbasini belgilashni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar qishloq xo‘jaligida chuqur iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish natijasida agrar tarmoqning bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan yangi tizimi shakllanganligini qayd etdilar. Hozirgi vaqtda 3,6 million xodim va xizmatchi agrar tarmoqda faoliyat ko‘rsatmoqda. Qishloq xo‘jaligining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 17,2 foizni, yillik o‘sish 6-7 foizni tashkil etmoqda.

Bunday natijalarga erishishda tarmoqning barcha xodimlari va xizmatchilari – fermerlar, dehqonlar, mexanizatorlar, pillachi va chorvadorlar, qishloqdagi tadbirkorlar, agrar sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassis hamda olimlarning roli katta.

Senatorlarning fikricha, “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi qishloq mehnatkashlari jonbozligining, davlat mustaqilligini mustahkamlashga, mamlakat gullab-yashnashiga ular qo‘shayotgan hissasining e’tirof etilishidir. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar mamlakatda olib borilayotgan demokratik islohotlar jarayonida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlarning samarali tizimini shakllantirishga, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutini rivojlantirishga doir ko‘lami va mohiyati jihatidan ulkan ishlar amalga oshirilganligini qayd etdilar.

Senat tomonidan ko‘rib chiqilayotgan qonunga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonunga Vakil faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni Oliy Majlis palatalari tomonidan eshitish tartibi to‘g‘risidagi normalarni hamda Vakil tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini va shikoyat berish muddatlarini aniqlashtiruvchi o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Vakilga arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzidagi murojaatlar og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda berilishi mumkin. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning huquqiy ongini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga doir Vakilning vazifalarini belgilab beruvchi yangi normalar bilan to‘ldirildi. Vakilning mintaqaviy vakillari faoliyatini, ombudsmanning sudlar bilan hamkorligini tashkil etish mexanizmlari aniq ta’riflab berildi.

Senatorlar ta’kidlaganlaridek, qonunning qabul qilinishi davlat va jamiyat qurilishida adolat, inson qadr-qimmatini hurmat qilish, inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini ta’minlash tamoyillarini qaror toptirishda ombudsmanning rolini oshirishga ko‘maklashadi.

Shundan so‘ng senatorlar “Surishtiruv instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”giO‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini, shuningdek, Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturini ijro etish maqsadida ishlab chiqildi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda“Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning muhimligini qayd etdilar. Mazkur qo‘shimchalarda amalda tergovga qadar tekshiruv institutini takrorlaydigan surishtiruv institutini jinoyat-protsessual qonun hujjatlaridan olib tashlash nazarda tutilmoqda. Qonun jamiyatga katta xavf solmaydigan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlarni sudga qadar yuritishning soddalashtirilgan tartibini belgilab beradi.

Surishtiruv yuritish huquqi ichki ishlar organlariga, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentiga, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga va davlat bojxona xizmati organlariga berilmoqda.

Qonun bilan ijtimoiy xavfli bir qancha jinoyatlarni ichki ishlar organlaridan prokuratura organlari tergoviga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi tekshiruvning tezkorlik bilan o‘tkazilishini ta’minlashga, tergovchilar ish sifatini oshirishga, shuningdek, jinoyat ishlarini tekshirishda bir-birini takrorlashning oldini olishga va sansolarlikni bartaraf etishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun bilan mamlakatimizning amaldagi bir qancha qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ushbu qonun Harakatlar strategiyasida, Prezidentning farmonlari va qarorlarida hamda boshqa qonun hujjatlarida bayon etilgan vazifalarni ijro etish maqsadida deputatlar, Hukumat, Bosh prokuratura va qonunchilik tashabbusining boshqa subyektlari tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan 15 ta qonun loyihasini birlashtiradi. Senatorlar sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga qaratilgan amaldagi qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni har tomonlama muhokama etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Prokuratura to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunlarga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Mehnat, Soliq, Oila kodekslariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, voyaga yetmaganlar ishlari, odam savdosiga qarshi kurashish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyalarining faoliyatida Bosh prokuraturaning muvofiqlashtiruvchi rolini belgilab qo‘yish nazarda tutilmoqda. Qonunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy saytlariga profilaktika tadbirlarining mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan materiallarni, qonuniylikning holati va jinoyatchilikning darajasi haqidagi ma’lumotlarni, sodir etilgan huquqbuzarliklar hamda ularga chek qo‘yish chora-tadbirlari haqidagi axborotni joylashtirish to‘g‘risidagi normalar keltirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga va “Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, Soliq kodeksiga kiritilayotan tuzatishlarga ko‘ra, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari manfaatlarini ko‘zlab qilingan da’volar bilan sudga murojaat qilganda, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslari harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Fuqarolar yig‘ini vakolatlari kengaytirilmoqda. Qonunda fuqarolar yig‘ini raisining, uning o‘rinbosarlarining, maslahatchilarining, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalar hamda taftish komissiyasi raislarining hisobotlarini har chorakda eshitish tartibi belgilab qo‘yilmoqda. Qonun bilan “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbarining, fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisining, shuningdek, joylardagi profilaktika inspektorlarining, ta’lim muassasalari va qishloq vrachlik punktlari rahbarlarining fuqarolar oldida hisob berishi tizimi belgilab berilmoqda. Fuqarolar yig‘ini kengashi tarkibiga fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) o‘rinbosarlari (fuqarolar yig‘ini raisining keksalar va faxriylar ishlari hamda yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari), joylardagi profilaktika inspektorlari, ta’lim muassasalari, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari rahbarlari kiradi. Qonun hujjatlariga kiritilayotgan bu va bir qator boshqa o‘zgartishlar fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining samaradorligini oshirishning, mahalla institutini aholiga eng yaqin bo‘lgan tuzilmaga aylantirishning, shuningdek, ularning davlat organlari va fuqarorlik jamiyati institutlari bilan hamkorligini yanada rivojlantirishning muhim omiliga aylanishi lozim.

Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi” va “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda. Mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga ijtimoiy ahamiyatga molik vazifalarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan bevosita davlat ijtimoiy buyurtmasini berish huquqini taqdim etish, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish davlat buyurtmachilarining ro‘yxatiga kiritish nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, Harakatlar strategiyasiga muvofiq “Prokuratura to‘g‘risida”gi va “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar davlat boshqaruvi tizimini yanada demokratlashtirishga, hokimiyat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va deputatlar nazorati rolini oshirishga ko‘maklashadi. Ushbu tuzatishlarga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar prokurorlari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari Kengashlariga hisobotlar taqdim etadi, zarur hollarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini qonuniylik va jinoyatchilikka qarshi kurashish holati to‘g‘risida xabardor qiladi.

Qonun bilan prokurorlarning hisobotlarini, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini, sog‘liqni saqlash boshqarmasi organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashining asosiy vakolatlariga kiritildi.

Tuzatishlarga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga viloyat, tuman, shahar hokimlari tomonidan o‘z faoliyati to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga hisobotlar taqdim etish tizimi joriy etilmoqda.

Qonunga muvofiq bundan buyon profilaktika inspektorlari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi qarori bilan lavozimga tayinlanadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ushbu qonun bilan “Bankrotlik to‘g‘risida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunlarga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Er osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalarga alohida e’tibor qaratdilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga hamda 2017-yil 21-apreldagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Er osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etildi, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish jamg‘armalari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi etib qayta tashkil etildi. Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobdorligi belgilab qo‘yildi, uning vakolatlariga aniqlik kiritildi.

Shundan so‘ng senatorlar Toshkent viloyatining To‘ytepa shahri va O‘rta Chirchiq tumanining chegaralarini o‘zgartirish hamda To‘ytepa shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish, shuningdek, To‘ytepa shahrini Toshkent viloyatining ma’muriy markazi etib belgilash to‘g‘risidagi, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahri va Yangiyo‘l tumanining chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek, Yangiyo‘l shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish to‘g‘risidagi, Toshkent viloyatining Ohangaron shahri va Ohangaron tumanining chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek, Ohangaron shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar. Mamlakat hukumati tomonidan kiritilgan ushbu takliflarning ma’qullanishi Toshkent viloyatining ma’muriy-hududiy tuzilishini takomillashtirishga, hududlarni samarali boshqarishga, aholi uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga ko‘maklashadi, turizm sohasining rivojlanishiga turtki beradi.

Senat yalpi majlisining birinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat boshqaruvi masalalariga doir bir qator farmonlarini tasdiqlash, shuningdek, yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq Konstitutsiyaviy sudning yangi tarkibini saylash bilan yakunlandi.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n birinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati 

 

A’lo Abdullayev, Oqil G‘ulomov, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA