O‘zbekiston boy va nodir madaniy-tarixiy merosga ega. Bularning barchasi mamlakatimizda to‘liq ishga solinmagan turizm industriyasini rivojlantirish va yurtimizni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirish imkonini beradi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sanoatini rivojlantirish, iqtisodiyotning tez o‘sishini ta’minlashda uning rolini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha barcha sharoit yaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining sohani rivojlantirishga oid bir nechta farmon va qarorlari qabul qilinib, tashqi va ichki turizmni har tomonlama kengaytirish, turizm xizmatlarini jadal rivojlantirish, shuningdek, madaniy meros ob’ektlari muhofazasini kuchaytirish maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2020 yilda boshlangan koronavirus pandemiyasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan soha, shubhasiz, turizm bo‘ldi. Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, sayyohlar tashrifi 2020 yilda 2019 yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 74 foizga kamaygan. Ko‘rilgan zarar esa bir milliard dollardan oshgan.
Bugungi kunga kelib butun dunyoda turizmni qayta tiklashga sarmoyalar jalb qilinib, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga imtiyozli kreditlar ajratilyapti, soliq va majburiy to‘lovlarda yengilliklar berilmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham bu borada e’tirof etishga loyiq amaliy ishlar qilinyapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yil 3 iyun kuni o‘tkazilgan hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi va sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqotda bu borada qilingan ishlar yana bir bor tahlil qilindi. Kamchiliklar ko‘rsatilib, ularni hal qilish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Davlatimiz rahbari hozirgi murakkab geosiyosiy va iqtisodiy vaziyatda turizm kabi yangi ish o‘rni yaratadigan, investitsiya va eksportni ko‘paytiradigan sohalarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Mamlakatimiz turizm sohasida ana shunday ishga solinmagan imkoniyat borligi, kuni kecha Islom hamkorlik tashkiloti Turizm kengashiga raislik qilish vakolati O‘zbekistonga o‘tgani ham katta imkoniyat ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Dunyoda iqtisodiy vaziyat murakkablashgan hozirgi sharoitda ko‘proq ish o‘rni yaratadigan, investitsiya va eksportni ko‘paytiradigan sohalarni qo‘llab-quvvatlash zarur. Turizmda bunday imkoniyat bor. Ushbu sohaga yo‘naltiriladigan har bir dollar kelgusida 3-4 barobar daromad keltiradi. Har bir yangi ish o‘rni boshqa tarmoqlarda yana 2 ta ish joyi hosil qiladi. O‘tgan yil oktyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti forumi doirasida 2 milliard 300 million dollarlik investitsiyaviy kelishuvlarga erishilgan edi. Ular orasida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi maskanlar barpo etishga qaratilgan loyihalar ko‘p.
Selektorda davlatimiz rahbari xorijiy investorlar tomonidan Shahrisabz tumani G‘elon va Sarchashma qishloqlari orasida 3 ming gektarli tog‘-chang‘i majmuasi tashkil qilish boshlanganligi va Miraki qishlog‘i bo‘yicha master reja ishlab chiqilayotganligini va boshqa amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Shuningdek “Boysun bahori” xalqaro etno-festivali o‘tkazilayotgani natijasida Surxondaryoda sayyohlar oqimi 4 karra ko‘payganligi, yoshlarning ekstremal turizmga qiziqishi yildan-yilga oshayotganligini hisobga olib, Bo‘stonliq, Parkent va Aydarko‘lda mazkur sohani rivojlantirishga imkoniyatlar yetarli ekanligi ma’lum qilindi. Prezidentimiz Mo‘ynoqda ham parashyut bilan sakrash va havo dayvingi ekstremal turizmini rivojlantirish mumkinligi va buning uchun alohida havo hududi bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham so‘nggi yillarda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Jumladan, yaqinda Orol dengizi sohilida “Aral plaza” turistik majmuasi ochildi. U maroqli dam olish uchun barcha qulayliklarga ega. Shuningdek shu yilning 1 aprel sanasidan boshlab Nukus shahridan Mo‘ynoq tumaniga samolyot qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Yangidan ochilgan “Nukus –Mo‘ynoq–Nukus” yo‘nalishi aprel oyidan boshlab haftasiga 3 marotaba parvozlarni amalga oshiradi. Aytish joizki, yangi samolyot qatnovi yo‘lga qo‘yilishi bilan Qoraqalpog‘istonning eng mashhur turistik joylaridan biri bo‘lgan Mo‘ynoq tumaniga xorijiy sayohlarning kelishi, shu bilan birga aholi uchun ham qulay imkoniyat yaratildi. Shuningdek, Prezidentimizning 2024 yil 9 fevraldagi qarori bilan “Nukus–Istanbul–Nukus” va “Nukus–Olmaota–Nukus” yangi aviayo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish belgilangan edi. Joriy yilning 1 iyun sanasidan boshlab “Uzbekistan Airways” aviakompaniya tomonidan “Nukus–Olma ota–Nukus” yo‘nalishi bo‘yicha, 3 iyun kuni esa “Nukus–Istanbul–Nukus” aviayo‘nalishi bo‘yicha dastlabki reys amalga oshirildi. Albatta, bularning barchasi Qoraqalpog‘istonda turizmni rivojlantirish imkoniyatini yanada oshirib, Qoraqalpog‘istonga sayyohlar tashrifi bir necha barobarga ko‘payishiga imkon yaratadi.
Turizm iqtisodiyotning yanada rivojlanish jarayonini tezlashtiruvchi omil sifatida iqtisodiy va ijtimoiy muammolar yechimida muhim o‘rin tutadi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga, iqtisodiy faol aholining bandligini ta’minlashga, millat farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi, iqtisodiy faoliyatning o‘zaro bog‘liq bo‘lgan qator tarmoqlari, infratuzilmaning rivojlanishiga turtki bo‘lib, yanada ommaviylashadi. Turizm ayni paytda ma’rifat va fuqarolik jamiyatining ma’naviy asoslarini shakllantirishda kuchli vosita bo‘lib ham xizmat qiladi. Shundan kelib chiqqan holda partiyamiz mamlakatimizda turizmni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, soha rivoji uchun o‘z taklif va tashabbuslari bilan ishtirok etadi.
Tajibay Romanov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi,
O‘zMTDP fraksiyasi rahbari.
O‘zA