Nukusda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi tomonidan tashkil etilgan “Siyosatchi ayol” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi. Tanlovda shahar va tuman bosqichlari g‘oliblari o‘zaro bahslashdi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad xotin-qizlarning siyosiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi”da belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etishda partiya safidagi xotin-qizlar salohiyatidan samarali foydalanish, yuksak siyosiy bilim va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlash, iste’dod va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishdir.
Tanlov ishtirokchilari uchta shart bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. “Xotin-qizlar muammosini hal etishning eng samarali yo‘li” deb nomlangan birinchi shartda ishtirokchilar notiqlik san’ati orqali o‘zlarining hududlaridagi xotin-qizlarga oid muammolar, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bandligini ta’minlash, bunda seminar treninglar o‘tkazish, aholining keng qatlamlari va oilalardan xabar olish, ijtimoiy sheriklik va targ‘ibot-tashviqot ishlari bo‘yicha erishilgan amaliy natijalarni ko‘rsatib berdi.
“Siyosiy hozirjavoblik” deb nomlangan ikkinchi shartda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida” qonunlar, Saylov kodeksi, Oila kodeksi, Mehnat kodeksi bo‘yicha tuzilgan savollarga javob berish orqali o‘z iqtidorlarini namoyish etdi.
Ko‘rik-tanlovning “Erkin mavzu” deb nomlangan uchinchi shartida ishtirokchilar qo‘shiq, she’r, monolog, turli qiziqarli chiqishlar orqali o‘zlarining iste’dodlarini ko‘rsatishdi.
Yuqori saviyada o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rinni Qorao‘zak tumani 33-sonli maktab o‘qituvchisi Gulbanu Koshanova, ikkinchi o‘rinni Nukus shahri 1-sonli Abu Ali Ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi o‘qituvchisi Jayxun Palimbetova, uchinchi o‘rinni Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabi o‘qituvchisi Charosxon Norimbetova egalladi.
G‘oliblar partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari