Tamaki, spirtli ichimlik, qazib olinadigan yonilg‘i va kuchli qayta ishlangan oziq-ovqat ta’sirida har yili Yevropada 2,7 million kishi nobud bo‘lyapti. Bu ma’lumot Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa idorasi bayonotida keltirilgan.
To‘rt mahsulot – tamaki, yuqori darajada qayta ishlangan yegulik, qazib olinadigan yonilg‘i va alkogol dunyo bo‘ylab yiliga 19 million kishining hayotiga zomin bo‘lmoqda, – deyilgan hujjatda. – Faqat ko‘hna qit’ada barcha o‘lim holatlarining 34 foizi, ya’ni 2,7 millioni yuqorida ta’kidlangan omillarga to‘g‘ri kelmoqda.
Tashkilot fikricha, sanoatning bir necha tarmog‘i kam sonli, qudratli transmilliy korporatsiyalarga birlashgan holda o‘zlari faoliyat yuritayotgan siyosiy va huquqiy muhitda sezilarli kuchga ega. Shu bois ularga ta’sir ko‘rsatish, jamoat manfaatini tartibga solishning imkoni yo‘q.
– Sanoat taktikasi zaif odamlarni maqsadli marketing strategiyasi tuzog‘iga tushirish, iste’molchini chalg‘itish va o‘z mahsulotining afzalligini ta’kidlash yoki bunday tovarlarning atrof-muhitga salbiy ta’siriga oid ma’lumotni noto‘g‘ri taqdim etishni nazarda tutadi, – deyishmoqda JSST mutaxassislari. – Bunday usul o‘tgan asrda sog‘liqni saqlash tizimi yutuqlariga tahdid soldi va tibbiyot sohasida ko‘zlangan maqsadga erishishda mamlakatlarga to‘sqinlik qildi. Sanoatning yirik tarmoqlari jamoatchilik manfaatini ko‘zlovchi me’yoriy hujjatlarga qarshi turish uchun yirik resurslarni sarflayotgani afsuslanarli.